Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi 70
(0 366) 210-08-92, 210-08-95
zar.havza@minwater.uz
 
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Boshqarma nizomi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq
va suv xo‘jaligi vazirining
2017 yil “ 04” sentyabrdagi
33 - sonli buyrug‘iga
3-ilova

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi to‘g‘risidagi
NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3172-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 4 avgustdagi 222-sonli buyrug‘i asosida tashkil etildi.

2. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi (bundan keyingi matnda “Havza boshqarmasi”) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ushbu havza bo‘yicha suv xo‘jaligi sohasidagi organi hisoblanadi.

3. Havza boshqarmasi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

4. Havza boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil
4 avgustdagi PQ-3172-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 4 avgustdagi 222-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan 19 nafar xodimlardan iborat markaziy apparatga shuningdek, yuridik maqomga ega bo‘lgan quyidagi tarkibiy bo‘linmalardan iborat:

  • “Oq-Qoradaryo” irrigatsiya tizimi boshqarmasi;
  • “Darg‘om” irrigatsiya tizimi boshqarmasi;
  • “Miyanqol-Tos” irrigatsiya tizimi boshqarmasi;
  • “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi;
  • “Narpay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi;
  • Oqdaryo tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Bulung‘ur tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Jomboy tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Ishtixon tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Kattaqo‘rg‘on tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Qo‘shrabot tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Narpay tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Nurobod tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Payariq tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Pastdarg‘om tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Paxtachi tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Samarqand tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Toyloq tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Urgut tumani irrigatsiya bo‘limi;
  • Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi;
  • Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi Meliorativ  ekspeditsiya;
  • “Oqdaryodavsuvmaxsuspudrat” DUK;
  • “Bulung‘urdavsuvmaxsuspudrat” DUK;
  • “Zarafshondavsuvmaxsuspudrat” DUK;
  • “Narpaydavsuvmaxsuspudrat” DUK;
  • “Samarqanddavsuvmaxsuspudrat” DUK;

5. Havza boshqarmasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hay'atining qarorlariga, vazirlikning buyruqlari va qarorlariga, Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasining topshiriq va ko‘rsatmalariga hamda boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.

6. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining yuridik manzili: 140103, Samarqand viloyati, Samarqand shaxar, Gagarin ko‘chasi 70 uy

II. Havza boshqarmasining vazifalari va funksiyalari

7. Havza boshqarmasi o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan suv havzasida suv resurslarini boshqarish va foydalanishni tartibga solishda yagona siyosat o‘tkazilishi uchun mas'ul hisoblanadi.

Quyidagilar Havza boshqarmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • suvdan foydalanishning bozor prinsiplarini va mexanizmlarini joriy etish asosida suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanishni tashkil etish;
  • suvni tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish asosida suv xo‘jaligida yagona texnik siyosatni yuritish;
  • iste'molchilarni suv bilan uzluksiz va o‘z vaqtida ta'minlashni tashkil etish;
  • magistral kanal, suv omborlari, irrigatsiya tizimlari va suv xo‘jaligi inshootlarining texnik ishonchliligini ta'minlash;
  • magistral kanal, suv omborlari, irrigatsiya tizimidan ishonchli foydalanish va ishchi holatida saqlash uchun uni tayyorlashni tashkil etish;
  • havza hududida suv resurslarini oqilona boshqarish hamda uning tezkorligini oshirish;
  • suv iste'molchilari bo‘yicha suv resurslaridan foydalanishning ishonchli hisobi va hisobotini ta'minlash.

8. Havza boshqarmasi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • suvdan foydalanish rejalarini umumlashtiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga suv olish limitlari bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • havza bo‘yicha Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan limitlar asosida Samarqand viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, Irrigatsiya tizimi boshqarmalari va tumanlar irrigatsiya bo‘limlarining takliflarini hisobga olib iqtisodiyot tarmoqlari, ayrim alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlari, irrigatsiya tizimlari, viloyat va tumanlar bo‘yicha suv olish limitlarini belgilaydi. Tizimlararo nasos stansiyalari ish rejimini belgilaydi;
  • umuman havza, magistral kanal, suv omborlari va irrigatsiya tizimlari bo‘yicha yer usti suv resurslarini boshqaradi, ulardan maqsadli va oqilona foydalanishni tashkil etadi;
  • havza suv xo‘jaligi tizimidan foydalanishning ishonchliligini ta'minlash va uni rivojlantirish, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni, suvdan foydalanishning bozor prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga takliflar kiritadi va ularning bajarilishini tashkil etadi;
  • havza bo‘yicha belgilangan limitlarga rioya etilishini hamda suv resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi, “O‘zsuvnazorat” inspeksiyasi bo‘linmalari bilan birgalikda suvdan limit bo‘yicha foydalanish tartibiga rioya etilishini nazorat qilishda qatnashadi;
  • umuman havza, magistral kanal, suv omborlari, irrigatsiya tizimlari, iqtisodiyot tarmoqlari, ma'muriy viloyat, tumanlar, manbalar hamda alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha belgilangan tartibda suv berish va suv olish hisobini, shuningdek hisobotini yuritadi;
  • suv resurslari balansini tuzadi, umuman havza, magistral kanal, irrigatsiya tizimlari, iqtisodiyot tarmoqlari, ma'muriy viloyat, tumanlar, manbalar va ayrim alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha “Suvdan foydalanish” bo‘limi bo‘yicha suv kadastrini yuritadi;
  • davlat suv xo‘jaligi tizimlarini suv o‘lchash va uni hisobga olish vositalari bilan jihozlashni, suv resurslarini boshqarishda aloqa, avtomatika va telemexanikaning zamonaviy tizimlarini joriy etishni, shuningdek ularning metrologik ta'minotini tashkil etadi;
  • ayrim irrigatsiya tizimlarining, magistral kanalning suv ta'minotini oshirishga doir takliflar tayyorlaydi, ularni amalga oshiradi;
  • umuman havza bo‘yicha suv xo‘jaligini istiqbolli rivojlantirish sxemalarini tuzish, shuningdek investitsiya dasturlariga kiritish uchun magistral kanal, irrigatsiya tizimlari va inshootlarini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, texnika bilan qayta jihozlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, investitsiya loyihalarida qatnashadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
  • Havza boshqarmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tushgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha smeta-xarajatlarni  tasdiqlaydi;
  • ajratiladigan byudjet mablag‘lari hamda boshqa manbalardan tushgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishini ta'minlaydi.

III. Havza boshqarmasining huquqlari

9. Havza boshqarmasi quyidagi huquqlarga ega:

  • korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan ma'lumot va hujjatlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
  • suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risida o‘ziga kelishish uchun taqdim etilgan qarorlar loyihalari yuzasidan xulosalar berish;
  • suv haqidagi qonun hujjatlari, suv xo‘jaligi tizimlaridan foydalanish qoidalari, suvdan limit bo‘yicha foydalanish tartibi buzilganligi uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida belgilangan tartibda taqdimnomalar berish;
  • o‘rnatilgan limitlardan ortiqcha suv olingan hollarda Havza suv xo‘jaligi kengashi bilan kelishilgan holda suv berishni mos ravishda kamaytirish choralarini ko‘rish;
  • suv tanqisligi kuzatilganda Havza suv xo‘jaligi kengashi bilan kelishilgan holda magistral kanal va irrigatsiya tizimlari limitlariga 10 foizgacha o‘zgartirish kiritish;
  • ajratilgan mablag‘lardan maqsadsiz yoki samarasiz foydalanilgan holda mablag‘ ajratishni to‘xtatib qo‘yish va aybdorlarga nisbatan qonun yo‘li bilan choralar ko‘rish;
  • suv xo‘jaligi obyektlarini tiklash, rekonstruksiya qilish hamda qurish, yer melioratsiya hamda yangi yerlarni o‘zlashtirish ishlarining manziliy dasturlarini hamda qurilishi bitgan obyektlarni qabul qilishni kelishish;
  • havza hududida boshqarma bilan kelishilmasdan boshlangan suv xo‘jaligi loyiha va qurilish ishlarini to‘xtatish bo‘yicha vazirlikka taklif berish;
  • vazirlik bilan kelishilgan holda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha havza hamda mintaqaviy seminarlarni tashkil etish;
  • kadrlarning malakasini oshirish, xorijiy davlatlarda o‘qitish hamda tajriba almashishlari bo‘yicha takliflar kiritish;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga egadir.

10. Havza boshqarmasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari havza hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari, joylardagi boshqaruv organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

IV. Havza boshqarmasi faoliyatini tashkil etish

11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining buyrug‘i bilan har uch yilda tanlov asosida lavozimga tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi. Tanlovni o‘tkazish tartibi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

12. Havza boshqarmasi boshlig‘ining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri tomonidan har uch yilda tanlov asosida tayinlanadigan ikki nafargacha o‘rinbosari bo‘ladi.

13. Havza boshqarmasi boshlig‘i:

  • Havza boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qiladi va boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
  • o‘z o‘rinbosarlari hamda Irrigatsiya tizimi boshqarmalari, tumanlar irrigatsiya bo‘limlari, “Davsuvmaxsuspudrat” Davlat Unitar Korxonalari, havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalar va energetika boshqarmasi hamda Meliorativ ekspeditsiyasi rahbarlari lavozimiga tanlov asosida tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasiga taqdim etadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasiga irrigatsiya tizimi boshqarmalari, “Davsuvmaxsuspudrat” Davlat unitar korxonalari, havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalar va energetika boshqarmasi hamda Meliorativ ekspeditsiyasi boshliq o‘rinbosarlari bo‘yicha nomzodlarni kelishish uchun taklif beradi;
  • Havza boshqarmasi shtat jadvali bo‘yicha takliflarni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga kiritadi;
  • Irrigatsiya tizimi boshqarmalari, tumanlar irrigatsiya bo‘limlari, “Davsuvmaxsuspudrat” Davlat unitar korxonalari, havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalar va energetika boshqarmasi hamda Meliorativ ekspeditsiyasi apparati shtat jadvalini Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda, belgilangan tartibda tasdiqlaydi va zarurat bo‘lganda shtatdagi xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida tasdiqlangan tuzilmaga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega bo‘ladi;
  • Boshqarma apparati xodimlarini tanlov asosida lavozimiga tayinlaydi;
  • Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishgan holda irrigatsiya tizimi boshqarmalari, “Davsuvmaxsuspudrat” Davlat unitar korxonalari, havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalar va energetika boshqarmasi hamda Meliorativ ekspeditsiyasi boshliq o‘rinbosarlarini tanlov asosida tayinlaydi;
  • Boshqarma apparatining tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
  • o‘ziga qarashli tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan qarorlarini (ko‘rsatmalarini) bekor qiladi;
  • o‘z faoliyati doirasida qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarga ega.

14. Havza boshqarmasi huzurida Havza suv xo‘jaligi kengashi tashkil etiladi. Uning tarkibiga boshqarma boshlig‘i (Kengash raisi), Havza boshqarmasining faoliyat ko‘rsatish hududidagi Samarqand viloyat Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i (yoki uning o‘rinbosari), irrigatsiya tizimi boshqarmalari boshliqlari va boshqa tegishli suv xo‘jaligi tashkilotlarining rahbarlari, shuningdek tajribali va yuqori malakali mutaxassislar kiradi. Kengashning shahsiy tarkibi va kengash to‘g‘risidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

V. Havza boshqarmasining mulki

15. Havza boshqarmasining mulki – Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda foydalanish uchun ajratilgan (bino, transport, orgtexnika, byudjet mablag‘lari va boshqa ko‘char, ko‘chmas mol-mulklar) mulk, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan foydalanish uchun berilgan havza hududidagi barcha davlat suv xo‘jaligi obyektlari, ulardagi elektr, aloqa va yo‘l tarmoqlari, transport va texnikalar, byudjet mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati hisobidan va boshqa manbalardan tushgan mablag‘lar va mulklar, shuningdek amaldagi qonunlar bilan ta'qiqlanmagan ajratmalar va tushumlar hisobiga tashkil etiladi.

16. Havza boshqarmasi unga foydalanish uchun berilgan mulkni faqat Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ruxsati bilan o‘rnatilgan tartibda tasarruf etadi.

VII. Havza boshqarmasini moliyalashtirish

17. Davlat byudjeti mablag‘lari, havza boshqarmasi tarkibidagi tashkilotlarning xo‘jalik faoliyati hisobidan olgan foydalari, shuningdek qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa mablag‘lar havza boshqarmasini va uning tashklotlarining moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

18. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatiladi.     


Kiritilgan vaqti: 03/02/2018 20:53;   Ko‘rilganligi: 1844
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing