Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi 70
(0 366) 210-08-92, 210-08-95
zar.havza@minwater.uz
 
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

200 nafar talaba suv xo‘jaligiga ishga jalb etiladi

Har qanday sohada samaradorlikka erishish zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, bilimli va tashabbuskor kadrlarga bog‘liq. Bunday mutaxassislar esa oliy o‘quv yurtlarida shakllanadi. Shunday ekan, ayni paytda vazirlik hamda idoralar, korxonalar o‘quv muassasalari bilan qanday aloqa o‘rnatmoqda? Bilimli kadrlar yetarlimi?

Binobarin, hech bir soha rivojini ularsiz tasavvur etish mushkul. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan mazkur tizim uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2018 yil 17 apreldagi qaroriga muvofiq, tashkil etilgan vazirlik tizimiga hozirgi kunda 280 ta byudjet, 72 ta xo‘jalik hisobidagi tashkilot biriktirilgan bo‘lib, ularda qariyb 40 ming nafar mutaxassis-xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning 7400 nafari oliy ma'lumotli mutaxassislar bo‘lsa, 18256 nafari o‘rta maxsus va 14267 nafari o‘rta ma'lumotga ega.

Mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimiga mutaxassis-kadrlar, asosan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan yetkazib beriladi. Shu bois vazirlik bilan ushbu institut o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, institut talabalari o‘quv-tanishuv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tizimdagi tashkilot va korxonalarda olib boradi. Qolaversa, tizimni malakali kadrlar bilan to‘ldirishda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filialini oxirgi uch yilda tamomlagan bitiruvchilarning ma'lumotlar bazasi shakllantirilgani qo‘l kelmoqda. Ya'ni ayni shu hamkorlik natijasida 300 ga yaqin yosh mutaxassislar sohaga jalb etildi.

Institutni joriy yilda davlat granti asosida bitirayotgan 200 nafardan ortiq talabalar Suv xo‘jaligi vazirligining yo‘llanmasi orqali tizim tashkilotlariga ishga yuboriladi. Aholi yashash hududlaridan uzoqda joylashgan obyektlarga ishga borganlar joy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanadi.

Shu tarzda kelgusida har yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filialini irrigatsiya va melioratsiya yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida bitirganlar vazirlik yo‘llanmasi bilan ishga joylashtiriladi.

 

Manba: IARC.uz


Kiritilgan vaqti: 17/06/2019 12:13;   Ko‘rilganligi: 248
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing