Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi 70
(0 366) 210-08-92, 210-08-95
zar.havza@minwater.uz
 
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini amaliyotga kengroq joriy qilish lozim

Qashqadaryo viloyatida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga yanada kengroq joriy qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. 

Unda Samarqand Surxondaryo, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining fermerlari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi klaster tuzilmalari agronomlari va boshqa sohaga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ham suv manbalaridan oqilona foydalanish, sug‘orishda yangi tejamkor texnologiyalarni qo‘llashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Tadbir davomida qurg‘oqchil mintaqalarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning borishi va yangi sug‘orish tizimining afzalliklari xususida tajriba almashildi. 

Birgina viloyatimizda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishga sarflanadigan suvning xarajati yiliga o‘rtacha 750 milliard so‘mni tashkil etadi, – deydi Amu-Kashkadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Botir Raximov. – Bundan tashqari qariyb 200 milliard so‘m irrigatsiya va melioratsiya tadbirlariga sarflanadi. Bugun aholi ko‘paymoqda. Odamlarning yerga bo‘lgan munosabatlari o‘zgardi. Masalan, 70-yillarda mamlakatimiz aholisi 13 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun 33 milliondan oshib ketdi. Lekin o‘sha yer, o‘sha suv. Keyingi yillarda bir qarich yer bo‘lsa ham o‘zlashtirilib, ekin ekilmoqda. Buning hammasiga suv kerak, albatta. Ilgari tomorqa xo‘jaliklariga suv ajratilmasdi. Hozir birinchi navbatda tomorqaga e'tibor qaratilmoqda. Masalan, joriy yilda viloyatda 49 ming gektar maydonda tomorqa ekinlari ekilgan. Ularni ham oqova suv bilan ta'minlashimiz kerak. Shu bois suvni tejovchi texnologiyalardan foydalansak, suv yetarli bo‘ladi. Hozirgi joriy qilinayotgan texnologiya esa suvni 40-45 foizga iqtisod qiladi. 

Tadbir doirasida ishtirokchilar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tomchilatib sug‘orish texnologiyalari hamda butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi “Qarshitermoplast” sexiga tashrif buyurib, u yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. O‘zlari talab etadigan moslama, qurilmalar bo‘yicha ma'lumotlarga ega bo‘ldi.

Aytish joizki, bu yil Respublikamizda tajriba tariqasida 12 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilinadi. Yangilik birinchilardan bo‘lib Nishon tumanidagi “Ziyodulla Farmonov” fermer xo‘jaligida amalga oshirildi. Birinchi yil uchun 42 gektar paxta maydoni ajratildi.

Qashqadaryoda qurg‘oqchilik yillari kuzatilib turadi. Shu bois biz fermerlar bunga tayyor bo‘lishimiz kerak, – deydi Nishon tumanidagi “Ziyodulla Farmonov” fermer xo‘jaligi rahbari Ziyodulla Farmonov. – Hududimizdan o‘tadigan zovurga 3 ta nasos o‘rnatganmiz. G‘o‘zaning vegetatsiya davrida suv tanqis yillari sug‘orish nihoyatda qiyinlashadi. Mana shu muammoni ko‘pdan beri o‘ylab yurardik. Prezidentimizning shu qaroridan so‘ng tavakkal qilib, 42,6 gektar yerni to‘liq tomchilatib sug‘oradigan texnologiya asosida sug‘orishni yo‘lga qo‘ydik. Adashmagan ekanmiz. Suv havzalari qurdik. 6 soatda to‘ladi. 3 soatda 3 gektar yerni sug‘oramiz. Jarayon bosqichma-bosqich davom etadi. 24 gektar yerni bir sutkada bir marta suvdan chiqaramiz. Suv havzamizga 1050 kub suv ketadi. Eng asosiysi g‘o‘zani vaqtida suvlaymiz. G‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni bir kun ham ortga surib bo‘lmaydi. Kechikilgan har bir kun yoki soat hosildorlik sifatiga salbiy ta'sir qilib boraveradi. Masalan, suv qo‘yishni bir kun kechiktirsangiz gul tashlab yuborishi mumkin. Endi iqtisodiy samarasiga kelsak, birinchi yilda quvurlarni o‘tkazdik. Shu bois birinchi yilda xarajati ko‘p. Lekin davlatimiz tomonidan shunga yarasha imtiyozlarning ham berilgani nur ustiga a'lo nur. Keyingi yillarda xarajatlar qisqarib boraveradi. Faqat bir yillik kichik shlanglar o‘rnatiladi xolos. Yana bir tomoni suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomiriga borgani sabab 50 foiz azotli o‘g‘it kam ishlatiladi. Tomchilatib sug‘oriladigan maydonlar kultivatsiya qilinmaydi. Bu tadbirlarga ketadigan mablag‘ ham iqtisod qilinadi.

Viloyatida intensiv bog‘larni ham tomchilatib sug‘orish keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Masalan, ayni paytda ming gektardan ziyod joyda yong‘oq plantatsiyalari tashkil etilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Bundan tashqari Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz tumanlarida qariyb 2 ming gektar maydondagi bog‘larga shunaqa suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilyapti.

Seminar ishtirokchilari viloyatda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan dalalarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.

                                                                                                                                                                    Manba: http://cc.uz/161gq


Kiritilgan vaqti: 11/06/2019 15:05;   Ko‘rilganligi: 322
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing