78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Boshqarma nizomi

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi
vazirligining 2018 yil 02 avgustdagi
77-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi to‘g‘risidagi
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda Havza boshqarma deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari va huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.

2. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jalik vazirligi faoliyatini tashkil to‘g‘risida” 2018 yil 17 apreldagi PQ-3672-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jalik vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2018 yil 3 iyuldagi 500-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 39-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan hamda “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jalik vazirligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 29 noyabrdagi PQ-4039-son qarori bilan qo‘shimcha va o‘zgartirish qiritilgan bilan tashkil etilgan.

Suv resurslarini boshqarish soxasida Samarqand viloyatida yagona organ hisoblanadi. Havza boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga bo‘ysunadi.

3. Havza boshqarmasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligining buyruqlariga hamda ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

4. Havza boshqarmasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

5. Havza boshqarmasi va uning tarkibiga kiradigan tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadi, ular O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida g‘aznachilik shaxsiy hisob raqamlariga, banklarda hisob raqamlariga ega.

6. Havza boshqarmasining rasmiy nomlanishi:

a) davlat tilida:

  • to‘liq – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi,
  • qisqartirilgan nomi – Zarafshon ITHB;

b) rus tilida:

  • to‘liq – Zerafshanskoye basseynovoye upravleniye irrigatsionnix sistem,
  • qisqartirilgan nomi – ZBUIS;

7. Havza boshqarmasining joylashgan manzili (pochta manzili): 140103, Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 70-uy.

2-bob. Havza boshqarmasi tuzilmasi

8. Havza boshqarmasi tuzilmasiga quyidagilar kiradi:

  1. Havza boshqarmasining Markaziy apparati
  2. Zarafshon ITHB xuzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi
  3. Zarafshon ITHB xuzuridagi Meliorativ ekspeditsiya
  4. Zarafshon ITHB xuzuridagi Bulung‘ur tuman irrigatsiya bo‘limi
  5. Zarafshon ITHB xuzuridagi Jomboy tuman irrigatsiya bo‘limi
  6. Zarafshon ITHB xuzuridagi Ishtixon tuman irrigatsiya bo‘limi
  7. Zarafshon ITHB xuzuridagi Kattaqurg‘on tuman irrigatsiya bo‘limi
  8. Zarafshon ITHB xuzuridagi Narpay tuman irrigatsiya bo‘limi
  9. Zarafshon ITHB xuzuridagi Oqdaryo tuman irrigatsiya bo‘limi
  10. Zarafshon ITHB xuzuridagi Payariq tuman irrigatsiya bo‘limi
  11. Zarafshon ITHB xuzuridagi Pastdarg‘om tuman irrigatsiya bo‘limi
  12. Zarafshon ITHB xuzuridagi Paxtachi tuman irrigatsiya bo‘limi
  13. Zarafshon ITHB xuzuridagi Samarqand tuman irrigatsiya bo‘limi
  14. Zarafshon ITHB xuzuridagi Tayloq tuman irrigatsiya bo‘limi
  15. Zarafshon ITHB xuzuridagi Urgut tuman irrigatsiya bo‘limi
  16. Zarafshon ITHB huzuridagi “Darg‘om” irrigatsiya tizimi boshqarmasi
  17. Zarafshon ITHB huzuridagi “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi
  18. Zarafshon ITHB huzuridagi “Oq-Qoradaryo” irrigatsiya tizimi boshqarmasi
  19. Zarafshon ITHB huzuridagi “Narpay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi
  20. Zarafshon ITHB huzuridagi “Miankal-Tos” irrigatsiya tizimi boshqarmasi.

3-bob. Havza boshqarmasining vazifa va funksiyalari

9. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1) Boshqarmaga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarish;

2) Samarqand viloyatida suv resurslarini boshqarish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta'sirini oldini olish va tugatish sohasida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

2) viloyatda iqtisodiyot tarmoqlarini suv resurslari bilan barqaror va oqilona ta'minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta'minlash choralarini ko‘rish;

3) viloyatda irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, suv omborlari, nasos stansiyalari va boshqa suv xo‘jaligi va gidrotexnika inshootlarining ishonchli ishlashini ta'minlash, yirik va alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilishni tashkil etish;

4) suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilarining suv resurslaridan ehtiyotlab va oqilona foydalanish uchun javobgarligini kuchaytirish, suvdan foydalanish madaniyati darajasini oshirish;

5) suv xo‘jaligi sohasiga ilm-fan yutuqlarini, suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni, suv xo‘jaligi va suvdan foydalanish tizimini boshqarishning innovatsion usullarini joriy qilish;

6) boshqarma faoliyatiga oid normativ-huquqiy xujjatlarni tegishli boshqarmalar bilan kelishib ishlab chiqadi va vazirlik bilan kelishadi.

7) suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tizimini tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta'lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish choralarni ko‘rish;

10. Havza boshqarmasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) Samarqand viloyatida suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta'sirini oldini olish va tugatish sohasida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:

  • suv xo‘jaligi va irrigatsiyani rivojlantirish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tarmoq va mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqadi;
  • global iqlim o‘zgarishi aholi hayoti va faoliyati rivojlanishiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
  • suv resurslaridan foydalanishni hisobga olish va davlat suv kadastrini yuritishni tashkil qiladi;
  • suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilari, shuningdek, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida (kommunal sohadan tashqari) suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha ma'lumotlar bazasini yaratadi;
  • suv iste'molchilari uyushmalari va boshqa birlashmalarini tuzish va ularni rivojlantirishda, shuningdek, ular xizmat ko‘rsatadigan zonada suv resurslarini boshqarish va hisobga olishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi;
  • suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilari o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
  • tegishli davlat boshqaruvi organlari va joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda suv resurslarini boshqarish, suvlarning zararli ta'sirini oldini olish va tugatish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
  • davlat siyosatining suv xo‘jaligi sohasidagi asosiy yo‘nalishlari, ularni amalga oshirishning strategiya va mexanizmlari bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligiga takliflar kiritadi;

b) Samarqand viloyati hududlarni va iqtisodiyot tarmoqlarini suv resurslari bilan barqaror va oqilona ta'minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta'minlash choralarini ko‘rish sohasida:

  • suv resurslarining integratsiyalashgan boshqarish rejalarini, ulardan kompleks foydalanish, melioratsiya va suv xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbolli sxemalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta'minlaydi;
  • mamlakat suv xavfsizligini ta'minlash hamda suv resurslarini samarali boshqarish va foydalanishni ta'minlash bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan kompleks tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil qiladi;
  • suv resurslarining havza tamoyili va butun vertikal bo‘ylab samarali boshqarish asosida hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ishonchli va barqaror ta'minlashni amalga oshiradi;
  • suv resurslari prognozlarini kompleks tahlil qiladi va suv resurslari balanslarini ishlab chiqadi, suv manbalari, havza irrigatsiya tizimlari, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar, suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilari bo‘yicha, yer osti suvlari bo‘yicha esa geologiya va mineral resurslar organlari bilan kelishilgan holda suv olish limitlarini belgilaydi;
  • suv olish limitlari asosida suvdan foydalanish va suv iste'moli tartibining amalda qo‘llanilishini ta'minlaydi;
  • sun'iy suv obyektlari suvidan mahsus foydalanish va suvni mahsus iste'mol qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar beradi va takliflarni ko‘rib chiqadi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, geologiya va mineral resurslar organlariga tabiiy suv obyektlari suvidan maxsus foydalanish va suvni maxsus iste'mol qilishga ruxsatnomalar berish bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • korxonalar, inshootlar hamda suv va suv obyektlari holatiga ta'sir qiladigan boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda kelishib oladi;

v) Samarqand viloyatida irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, suv omborlari, nasos stansiyalari va boshqa suv xo‘jaligi va gidrotexnika inshootlarining ishonchli ishlashini ta'minlash, muhofaza qilishni tashkil etish sohasida:

  • irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarining hamda suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining idoraviy ekspertizasi o‘tkazilishini ta'minlaydi;
  • suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklash bo‘yicha loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini hamda tugatilgan ishlarni belgilangan tartibda qabul qilishni tashkil etadi va ta'minlaydi;
  • suv xo‘jaligi tizimiga kiradigan loyiha-qidiruv, pudrat, sanoat va boshqa korxona va tashkilotlarning faoliyatlarini muvofiqlashtiradi;
  • irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, yirik gidrotexnika inshootlari va suv omborlari, nasos stansiyalari hamda boshqa davlat suv xo‘jaligi obyektlarining ishonchli ishlatilishini ta'minlaydi;
  • suv xo‘jalik obyektlari, shu jumladan, suv iste'molchilari uyushmalarining sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari texnik holatining tizimli monitoringini yuritadi, ularni pasportlashtirish ishlarini bajaradi va davlat suv kadastrini tuzadi;
  • sug‘oriladigan yerlarning gidrogeologik va meliorativ holatini, kollektor-drenaj tizimlaridan samarali foydalanish, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashni, sug‘oriladigan yerlarning qulay meliorativ holati barqarorligini ta'minlashning tizimli monitoringini yuritadi;
  • suv, energetika va boshqa moddiy-texnik resurslarni tejash choralarini ko‘radi;
  • suv iste'molchilari uyushmalarining suv xo‘jaligi obyektlarini texnik ishlatish va rekonstruksiya qilish hamda ta'mirlash ishlarini muvofiqlashtiradi;

g) Samarqand viloyatida suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilarining suv resurslaridan ehtiyotkorlik bilan va oqilona foydalanishlari uchun javobgarligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyati darajasini oshirish sohasida:

  • suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilarining mas'uliyatini oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va ularni takomillashtirishda ishtirok etadi;
  • vazirlikning suv xo‘jaligidan foydalanish tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining suvdan foydalanish va suv iste'moli tartibiga qat'iy rioya qilishlari bo‘yicha javobgarligini oshirish choralarini ko‘radi;
  • ommaviy axborot vositalari, shuningdek, anjumanlar, seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish orqali suv resurslarini asrash va ulardan tejamli foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib boradi;
  • ta'lim muassasalarining yosh avlodni suvdan avaylab-asrab foydalanish ruhida tarbiyalash va suvdan foydalanish madaniyatini oshirish bo‘yicha tadbirlarida ishtirok etadi;
  • zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda suv bo‘yicha ommabop resurslar bilimlar bazasini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi;

d) Samarqand viloyatida suv xo‘jaligi sohasiga ilm-fan yutuqlarini, zamonaviy suvni tejovchi texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni, suv xo‘jaligi va suvdan foydalanish tizimini boshqarishning innovatsion usullarini joriy qilish sohasida:

  • suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida dolzarb muammolarning innovatsion ilmiy-texnik yechimlarini ishlab chiqish va zamonaviy texnika va texnologiyalarni faol ravishda joriy etishga qaratilgan davlat ilmiy-texnik dasturlarini shakllantirishda qatnashadi;
  • suv xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv va konstruktorlik ishlarini rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va ularga yordam ko‘rsatadi;
  • suv xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv va konstruktorlik ishlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi hamda shartnoma asosida ularning bajarilishini tashkil qiladi;
  • zamonaviy fan-texnika yutuqlarini hamda ilg‘or tajribalarni qurilish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va tiklashga, shuningdek, suv xo‘jaligi tizimini boshqarishning innovatsion usullari va suvni tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qiladi;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orish tizimi va boshqa suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishda qatnashadi;

e) Samarqand viloyatida suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tizimini tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta'lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish choralarni ko‘rish sohasida:

  • suv xo‘jaligi sohasidagi kadrlar, mutaxassislar, shu jumladan, suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini respublikaning ixtisoslashtirilgan suv xo‘jaligi tashkilotlari, ta'lim va ilmiy muassasalarida, kasb-hunar kollejlarida, shuningdek, chet elda muntazam ravishda tashkil etadi;
  • suv xo‘jaligi tashkilotlarining ta'lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • suv xo‘jaligi sohasidagi oliy ta'lim muassasalari professor va o‘qituvchilarining malakasini oshirishni va talabalarning hamda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotini sifatli o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
  • suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va keng qo‘llash bo‘yicha strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan yuqori
  • investitsion loyihalarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlar investitsiyalari, imtiyozli kreditlari va texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlar) ni jalb qilishda ishtirok etadi;

4-§. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlarining vazifalari va funksiyalari

11. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1) Vazirlikning tumanlar irrigatsiya bo‘limlariga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali amalga oshirish;

2) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan hamkorlik qilish;

3) tuman suv xo‘jaligi tarmog‘ini kompleks modernizatsiyalash, fan-texnika yutuqlari, suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or mahalliy va xorijiy tajribalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan yagona suv xo‘jaligi siyosatini amalga oshirish;

4) suv resurslarini boshqarish tamoyillari va tizimini takomillashtirish, ulardan tejamli va oqilona foydalanishni ta'minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi obyektlari va gidrotexnika inshootlarini rekonstruksiya qilish va zamonaviylashtirish choralarini ko‘rish.

12. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari o‘zlariga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha tarmoq va mintaqaviy dasturlarning samarali amalga oshirilishini ta'minlaydi;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
  • suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish va ulardan oqilona foydalanishni, ularning samaradorligini oshirishni, suvdan foydalanish va suv iste'molining innovatsion texnologiyalari va mexanizmlarini faol joriy etish, suv resurslarini hisobga olishni tashkil etish va takomillashtirishni ta'minlaydi;
  • suv iste'molchilari uyushmalari va boshqa birlashmalarini tuzishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi, suv iste'molchilari uyushmalarining suv xo‘jaligi obyektlarini texnik ekspluatatsiya, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
  • irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;
  • ilmiy asoslangan sug‘orish rejimlarini, tomchilatib sug‘orish tizimi va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni tashkil qilishga ko‘maklashadi;
  • ichki xo‘jalik sug‘orish tizimlarini ta'mirlash va ularni rivojlantirishni, shuningdek, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishni muvofiqlashtiradi;
  • suv resurslaridan foydalanishni tahlil qiladi va ma'muriy tumanlar bo‘yicha suv berish limitlarini belgilash, suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilarini suvdan tejab foydalanishlarini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • suv iste'molchilari uyushmalariga suv iste'moli bo‘yicha shartnomalar tuzish, sug‘orish tarmoqlarini suvni boshqarish va suv o‘lchash vositalari bilan jihozlash ishlariga ko‘maklashadi va muvofiqlashtiradi;
  • suv xo‘jaligi obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha konsepsiyalar, strategiyalar va kompleks chora-tadbirlarning, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishida ishtirok etadi;
  • o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmini va qarzdorliklarning yuzaga kelish sabablarini chuqur tahlil qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va kengaytirish asosida suv iste'molchilari va suv iste'molchilari uyushmalari o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
  • suv iste'molchilari va xizmat ko‘rsatuvchi suv iste'molchilari uyushmalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarning bajarilishi monitoringini yuritadi;
  • suv xo‘jaligi sohasidagi kadrlar va mutaxassislar, shu jumladan, suv iste'molchilari uyushmalari rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirishni tashkil qilishga yordam beradi;
  • suv xo‘jaligi sohasidagi oliy o‘quv muassasalari talabalari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishda hamkorlik qiladi.

3-§. Havza boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari

13. Havza boshqarmasi o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

1) o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni yechish uchun zarur bo‘ladigan ma'lumotlarni hududiy bo‘limlaridan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda so‘rash va olish;

2) o‘z vakolatlari doirasiga kiradigan sohadagi muhim muammolarning yechimlari bo‘yicha takliflar tayyorlash va ularni ko‘rib chiqish uchun idoralararo hududiy komissiyalar va kengashlar tashkil qilish;

3) o‘z vakolatlari doirasidagi masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritish;

4) suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risida ma'qullash uchun taqdim qilinayotgan qarorlar loyihalari bo‘yicha xulosalar berish;

5) suv qonunchiligini buzganligi uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish.

Havza boshqarmasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

14. Havza boshqarmasi:

1) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar bilan birgalikda ularga yuklangan vazifa va funksiyalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishini ta'minlash;

2) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini ta'minlash;

3) Vazirlikka kiritiladigan taklif va hujjatlar loyihalarining sifati;

4) Vazirlik va mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritiladigan hujjat va takliflar loyihalarining hamda Vazirlik hududiy bo‘limlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning bajarilish sifati, yakuniy natijalari va oqibatlari;

5) tumanlarda aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida viloyat suv xo‘jaligini rivojlantirish to‘g‘risida takliflar tayyorlash;

6) Viloyatda suv xo‘jaligini rivojlantirish va muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha hududiy dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali bajarilishi uchun mas'uldir.

4-§. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlarining huquqlari va majburiyatlari

15. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari o‘zlariga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

1) o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni yechish uchun zarur bo‘ladigan ma'lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tumanlar (shaharlar) bo‘linmalaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda so‘rash va olish;

2) o‘z vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va mahalliy hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritish;

3) suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risida ma'qullash uchun taqdim qilinayotgan qarorlar loyihalari bo‘yicha xulosalar berish;

4) suv qonunchiligini buzganligi uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish;

5) iqtisodiy sudlarga suv xo‘jaligi tashkilotlarining manfaatlarini himoya qiluvchi da'vo arizalarini berish.

Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

16. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari:

1) o‘zlariga yuklangan vazifa va funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash;

2) mahalliy davlat hokimiyati organlariga va viloyatdagi hududiy bo‘linmalariga kiritiladigan hujjat va takliflar loyihalarining hamda tumanlar irrigatsiya bo‘limlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning bajarilish sifati, yakuniy natijalari va oqibatlari;

3) suv xo‘jaligi tashkilotlari manfaatlariga daxldor bo‘lgan dolzarb muammolarni hamda tumanlarning infratuzilmasini rivojlantirishga to‘sqinlik qiladigan tizimli kamchiliklarni aniqlash, tumanlar suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

4) tumanlarda suv xo‘jaligini rivojlantirish va muammoli masalalarni yechish bo‘yicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirish uchun mas'uldirlar.

Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

17. Havza boshqarmasi rahbarining asosiy funksional majburiyatlari quyidagilardan iborat:

1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;

2) Havza boshqarmasining tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatining umumiy boshqaruvini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari hamda Vazirlikning tegishli hujjatlari bilan mazkur bo‘limlarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;

3) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

4) Havza boshqarmasining tarkibiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarining bajarilishini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini samarali va natijali ijro etish, shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017 yil 11 apreldagi PQ-2881-son qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq, Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy choralarni amalga oshirish hamda topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlashi uchun ularning shaxsiy mas'uliyatini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

6) Suv xo‘jaligi kengashining hay'at qarorlari, boshlig‘ining buyruqlari va uning o‘rinbosarlarini topshiriqlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlarining qaror va farmoyishlari o‘z vaqtida sifatli ijro etilishini ta'minlash;

7) Havza boshqarmasi vakolati va faoliyat doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha mahalliy davlat boshqaruvi organlari, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;

8) o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida xizmat vazifalarini taqsimlash, hududiy tashkilotlar boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlarini belgilash,o‘z o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning Havza boshqarmasi hududiy bo‘limlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining hududiy tashkilotlar faoliyatining ayrim yo‘nalishlari uchun shaxsiy mas'ullik darajasini belgilash;

9) Havza boshqarmasi tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, Havza boshqarmasining tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar va o‘z o‘rinbosarlarining choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning amalga oshirilishi yuzasidan nazoratni ta'minlash;

11) Havza boshqarmasi tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish, tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;

12) Havza boshqarmasi tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarni Havza boshqarmasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarining bo‘sh o‘rinlariga mahalliy davlat boshqaruvi organlari tomonidan tavsiya qilingan, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan boshqa xodimlarning kasbiy mahorati, bilim darajasi, amaliy tajribasi va yuqori darajadagi ishchanlik va axloqiy-ma'naviy fazilatlari kafolatlanganligini ta'minlash;

13) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimlarida qolishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritish, ularning xizmat vazifalari va berilgan topshiriqlar bajarilishi uchun shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

14) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq Namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Havza boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining odob-axloq Namunaviy qoidalari talablariga rioya etilishini ta'minlash;

15) Havza boshqarmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar miqyosida O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, ularning yuzaga kelishiga sharoit yaratuvchi sabab va shartlarni aniqlash, tahlil qilish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish uchun takliflar kiritish yo‘li bilan ularni bartaraf qilish va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

16) Havza boshqarmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar prognoz ko‘rsatkichlar so‘zsiz bajarilishini muntazam tahlil qilish va boshliq o‘rinbosarlariga (shu jumladan, birinchi o‘rinbosarga) tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning belgilangan ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishini ta'minlashga yo‘naltirilgan qo‘shimcha choralarni qabul qilish bo‘yicha takliflar kiritish;

17) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning hisobotlarini eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;

18) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligi, sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarining mavjudligini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni Havza boshqarmasi rahbariyatiga ko‘rib chiqish uchun kiritish;

19) Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni “Jismoniy va yuridik shahslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31 martdagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq olib borish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, ularni shaxsan qabul kilishni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, belgilangan muddatda va tartibda fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillarining joylarda qabul qilinishini yo‘lga qo‘yish;

20) Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2016 yil 28 dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga asosan ularning faoliyatida faol ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan arizalarni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish;

21) Tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar xodimlariga mukofotlar, lavozim maoshiga qo‘shimchalar, moddiy yordam, rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lash va intizomiy choralar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish, xodimlarni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida Vazirlikka takliflar kiritish;

22) davlat sirlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan maxfiy ma'lumotlar toifalariga kiritilgan ma'lumotlar himoyasini ta'minlash.

18. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari quyidagilardan iborat:

1) tuman irrigatsiya bo‘limiga rahbarlik qilish;

2) funksional vazifalarni xodimlar o‘rtasida va faoliyatning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlash, ularning mas'ullik darajasini belgilash;

3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarining bajarilishini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini samarali va natijali ijro etish, shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017 yil 11 apreldagi PQ 2881-son qaroriga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Ijro intizomini mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida" 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga asosan tumanlar irrigatsiya bo‘limlari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash uchun kompleks amaliy choralarni amalga oshirish, tumanlar irrigatsiya bo‘limlari xodimlarining topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlashi uchun shaxsiy mas'uliyatini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

4) Vazirlik hay'ati qarorlari, buyruqlari, Vazir va uning o‘rinbosarlarining buyruq va topshiriqlari, Vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalarining buyruq va topshiriqlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlarining qaror va farmoyishlarini o‘z vaqtida va sifatli ijro etishni ta'minlash;

5) Vazirlik faoliyati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha mahalliy davlat boshqaruvi organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritish;

6) Vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘limlari rahbarlariga, ularning o‘rinbosarlariga tumanlar irrigatsiya bo‘limlariga kadrlarni tanlash va joylashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, ularning kasbiy mahorati, bilim darajasi, amaliy tajribasi va yuqori darajadagi ishchanlik va axloqiy-ma'naviy fazilatlari kafolatlanganligini ta'minlash hamda ularning kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish, tumanlar irrigatsiya bo‘limlarida kadrlar zaxirasini shakllantirish;

7) tumanlar irrigatsiya bo‘limlari xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2016 yil 2 martdagi 62-son qaroriga muvofiq chiqarilgan Vazirlik xodimlarining odob-axloqi namunaviy qoidalari talablariga rioya etilishini ta'minlash;

8) tumanlar irrigatsiya bo‘limlarida O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, ularning yuzaga kelishiga sharoit yaratuvchi sabab va shartlarni aniqlash, tahlil qilish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish uchun takliflar kiritish yo‘li bilan ularni bartaraf qilish va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

9) Vazirlikning tumanlar irrigatsiya bo‘limlari xodimlariga mukofotlar, lavozim maoshiga qo‘shimchalar, moddiy yordam, rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lash va intizomiy choralar qo‘llash, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida Vazirlikka takliflar kiritish;

10) davlat sirlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan maxfiy ma'lumotlar toifalariga kiritilgan ma'lumotlar himoyasini ta'minlash.

6-bob. Havza boshqarmasi faoliyatini tashkil etish

1-§. Havza boshqarmasi rahbariyati

19. Boshqarmani viloyat hokimligining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan boshliq boshqaradi.

20. Boshqarma boshlig‘ining ikki nafar o‘rinbosari bo‘lib, ularning bittasi boshliqning birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.

21. Boshliqning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri tomonidan o‘z lavozimlariga tayinlanadilar va lavozimlaridan ozod qilinadilar.

22. Boshliq vaqtinchalik bo‘lmagan hollarda uning vakolatlarini bajarish Boshliq o‘rinbosarlariga majburiyatlarni taqsimlash asosida amalga oshiriladi.

23. Havza boshqarmasi boshlig‘i tomonidan quyidagilar lavozimlarga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi:

Havza boshqarmasi markaziy apparati tarkibiy bo‘limlarining xodimlari tegishli boshliq o‘rinbosarining taklifiga ko‘ra Havza boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

24. Irrigatsiya tizimi boshqarmalar boshliq o‘rinbosari Samarqand viloyat hokimi va Vazirlik bilan kelishilgan holda Havza boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar. Tumanlar irrigatsiya bo‘limlari boshliqlari tegishli tumanlar hokimlari va Vazirlik bilan kelishilgan holda Havza boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar. Havza boshqarmasi xuzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi va Meliorativ ekspeditsiya boshliq o‘rinbosarlari, Moliya-xo‘jalik bo‘limi boshliqlari, shuningdek, irrigatsiya tizimi boshqarmalarining va tuman irrigatsiya bo‘limlarining bosh xisobchilari Havza boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.

25. Havza boshqarmasining idoraviy mansub tashkilotlari Nizomlari belgilangan tartibda Boshqarma tomonidan tasdiqlanadi.

2-§. Havza boshqarmasi markaziy apparati tarkibiy bo‘limlarining boshqarmaning hududiy bo‘limlari va irrigatsiya tizimi boshqarmalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi

26. Havza boshqarmasi markaziy apparati bo‘limlari uning hududiy bo‘limlari hamda irrigatsiya tizimi boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari bilan hamkorlik qilishini markaziy apparat tarkibiy bo‘limlari rahbarlari amalga oshiradilar.

27. Havza boshqarmasi markaziy apparati tarkibiy bo‘limlari uning hududiy bo‘limlari va irrigatsiya tizimi boshqarmalari bilan Havza boshqarmasi faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik qiladilar:

1) hududiy bo‘limlarga va idoraviy mansub tashkilotlarga topshiriqlarni yetkazadilar va ularning bajarilishini nazorat qiladilar;

2) tarkibiy bo‘limlarning faoliyatiga bevosita taalluqli masalalar bo‘yicha Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlariga rasmiy so‘rovnomalar jo‘natadilar va ularning bajarilishini nazorat qiladilar;

3) Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlarining ish rejalarini tahlil qiladilar, ular faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirish choralarini ko‘radilar;

4) Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil qilish samaradorligi va natijalari to‘g‘risidagi statistik va boshqa ma'lumotlarni, hisobot va axborot materiallarini o‘rganishni tashkillashtiradilar;

5) Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlari amaliy faoliyatini tekshiradilar, o‘rganib chiqadilar va umumlashtiradilar, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;

6) Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlaridan kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqadilar;

7) Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda qatnashishini uyushtiradilar, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ulardan kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqadilar;

28. Havza boshqarmasining idoraviy mansub tashkilotlari Boshqarmaning markaziy apparati bo‘limlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladilar, shu jumladan:

1) Havza boshqarmasi rahbariyati topshiriqlarining bajarilishi to‘g‘risida axborot beradilar;

2) Havza boshqarmasi markaziy apparatiga suv xo‘jaligi sohasidagi qonun hujjatlarini bajarish bo‘yicha ish faoliyati natijalari to‘g‘risida ma'lumot taqdim etadilar;

3) ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish davomida aniqlangan ish faoliyatidagi kamchiliklar va qoida buzilishlarini bartaraf etish natijalari to‘g‘risida axborot beradilar;

4) o‘zining faoliyati natijalari to‘g‘risida belgilangan tartibda va muddatlarda Havza boshqarmasiningmarkaziy apparatiga hisobot beradilar;

5) Havza boshqarmasining markaziy apparatiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolarini, shu jumladan, aholining dolzarb muammolarini hal qilishga qaratilgan takliflarni taqdim etadilar;

6) vakolatli organlar tomonidan o‘zining faoliyatini tekshirish natijalari to‘g‘risida axborot beradilar.

29. Havza boshqarmasi markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari va uning hududiy bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlarining o‘zaro munosabatlari jarayonida vujudga kelgan kelishmovchiliklar Boshliqning topshirig‘iga ko‘ra, tegishli o‘rinbosar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar kelishmovchiliklar ko‘rib chiqilgandan so‘ng ham bartaraf etilmagan bo‘lsa, ular bo‘yicha qaror bevosita Boshliq tomonidan qabul qilinadi.

3-§. Havza boshqarmasi davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi

30. Havza boshqarmasi o‘zining vazifa va funksiyalarini bajarishda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

31. Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari o‘zlarining vakolatlari doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladilar.

Havza boshqarmasining hududiy bo‘limlari tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari bilan o‘zaro uzviy hamkorlik qiladilar.

32. Havza boshqarmasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.

4-§. Havza boshqarmasining sohaviy ilmiy-texnik kengashi va jamoatchilik-maslahat kengashi

33. Havza boshqarmasida uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish uchun tarkibida Boshliq (kengash raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra), tashkilot va idoralar rahbarlari, suv xo‘jaligi sohasining yetakchi mutaxassislari va tarkibiy tuzilmalar rahbarlari bo‘lgan 9 kishidan iborat kengash tuziladi.

Kengashning a'zolari soni va shaxsiy tarkibi Boshliqning taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

34. Kengashga quyidagi vazifalar yuklanadi:

  • suv xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, suv xo‘jaligi sohasida yangi texnologiyalarni joriy qilish va takomillashtirishga qaratilgan yagona suv xo‘jaligi siyosatini amalga oshirish, suv xo‘jaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, suv xo‘jaligi infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirish, irrigatsiya tizimlarini havzaviy boshqarish tamoyili asosida yer usti suvlarining davlat boshqaruvini amalga oshirish va suvdan foydalanish va suv iste'moli sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha mazkur Nizomda belgilangan Havza boshqarmasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
  • qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrlarda suv xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan amalga oshirilayotgan kompleks, sohaviy va hududiy dasturlarni samaradorligini amalga oshirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilgan va tuzatishlar kiritilgan holda ularning natijadorligini baholash;
  • Havza boshqarmasi xodimlari va rahbarlarining ularga yuklangan qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida xamda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha choralar qabul qilgan holda Havza boshqarmasi hududiy bo‘limlari hamda idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini tizimli asosda eshitishni tashkil etish;
  • Havza boshqarmasi faoliyati sohasining hududiy va sohaviy dasturlarini amalga oshirish natijadorligini choraklik va tizimli asosda ko‘rib chiqish;
  • joylarda suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, vujudga kelgan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli qarorlarni ishlab chiqqan va qabul qilgan holda kengaytirilgan sayyor hay'at majlislarini o‘tkazishni tashkil etish;
  • Havza boshqarmasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar ro‘yxatini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
  • Havza boshqarmasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga xodimlarni tanlash va joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Suv xo‘jaligi vazirligining topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishini ta'minlash uchun Havza boshqarmasi rahbarlari va xodimlarining shahsiy javobgarligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash.
  • Shuningdek, kengash Havza boshqarmasi vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalarni ko‘rib chiqishga haqlidir.

35. Kengash majlisiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Havza boshqarmasi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.

36. Kengash majlisida uning a'zolarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ishtirok etsa kengash majlisi qonuniy o‘tkazilgan deb hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

37. Kengash qarorlari Boshliqning buyrug‘i (Boshqarma buyruqlari) bilan amalga oshiriladi.

38. Boshliq va kengash a'zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Boshliq O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida xabar bergan holda, mustaqil qaror qabul qiladi. Bunday vaziyatda kengash a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.

39. Kengashning faoliyat yuritish tartibi kengash tasdiqlagan reglament asosida belgilanadi.

40. Havza boshqarmasi tarkibida Boshliq (kengash raisi), sohaning yuqori malakali mutaxassislari va boshqa suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari bo‘lgan sohaviy ilmiy-texnik kengash tuziladi.

Soha ilmiy-texnik kengashi a'zolari soni, shaxsiy tarkibi va Nizomi Boshliqning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

41. Havza boshqarmasi tarkibida Boshliq o‘rinbosari (Kengash raisi), Havza boshqarmasi faoliyatining alohida yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘limlar rahbarlari va mutaxassislari hamda tadbirkorlik subyektlari va biznes-uyushmalar vakillari bo‘lgan jamoatchilik maslahat kengashi tashkil qilinadi.

7-bob. Havza boshqarmasi faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ishchi indikatorlari

42. Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlari faoliyatining samaradorligi muntazam baholanishi lozim.

43. Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tegishli boshqarma boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlari faoliyatining samaradorligi, natijadorligini baholash mezonlari, ishchi indikatorlari asosida amalga oshiriladi.

44. Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlari faoliyatining samaradorligi, natijadorligini baholash natijalari asosida:

  • Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlari rahbar-xodimlariga nisbatan rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
  • aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va Boshqarma faoliyatini yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.

8-bob. Havza boshqarmasi faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnika ta'minoti, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish

45. Davlat byudjeti mablag‘lari, Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlarining xo‘jalik faoliyati xisobidan olingan foydalari, shuningdek qonunda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Havza boshqarmasi va uning xududiy bo‘limlarining moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Bunda ish haqi, ikki oylik ish haqi miqdoridagi mukofotlar va oylik ish haqi miqdoridagi moddiy yordam to‘lovlari, shuningdek, boshqa xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

46. Havza boshqarmasi xodimlarining lavozim ish haqiga xodimlarning uzoq yillik xizmatlari asosida har oylik ustama va moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

9-bob. Havza boshqarmasining O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi oldidagi hisoboti

47. Boshliq havza boshqarmaning faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga muntazam ravishda hisobot beradi.

10-bob. Yakunlovchi qoida

48. Havza boshqarmasini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 


Oxirgi o‘zgarish: 09/12/2020 19:17;   Ko‘rilganligi: 2326
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing