78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Mamlakatimizda 22 mart – Butunjahon suv kuni keng nishonlanmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 1993 yildagi rezolyutsiyasiga asosan dunyo mamlakatlarida har yili 22 mart Butunjahon suv kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida turli tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

2019 yilning 12–14 mart kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Suv muammosi – jamiyat muammosidir: uning yechimi hech kimning nazaridan chetda qolmasligi kerak” nomli Respublika tanlovi o‘tkazildi.

BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovda mamlakatimizdagi qator oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.

Tanlov beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi. “Suvga bo‘lgan munosabat – kelajakka bo‘lgan munosabatdir” mavzuidagi fotosuratlar ko‘rgazmasi, “Suv muammolarini yechishdagi yangi yondoshuvlar” mavzuidagi bahs-munozaralar, “Suv – hayot manbai” mavzuidagi intellektual o‘yinlar, “Suvdan foydalanish madaniyati” mavzuidagi yangi g‘oyalar va videoroliklar taqdimoti hamda “Suv xo‘jaligini rivojlantirish yo‘lidagi innovatsiyalar: g‘oyalar va texnologiyalar” mavzuidagi texno-ko‘rgazmada suvning hayotimizda tutgan o‘rni, suv rusurslarini samarali boshqarish va mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, bunda yoshlarning tutgan o‘rnini oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinib, yangi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar namoyish etildi, talabalar o‘rtasida munozaralar o‘tkazildi.

Tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan talabalar va jamoalar tadbir tashkilotchilarining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 15/03/2019 12:12;   Ko‘rilganligi: 420
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing