78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

G‘alla hosildorligini yanada oshirish bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar belgilab berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 25 fevral kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim bo‘lgan g‘alla parvarishini tizimli tashkil etish va hosilga-hosil qo‘shish bo‘yicha dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

O‘tgan yili ob-havo o‘ta issiq va quruq kelgani, janubiy viloyatlarda suv tanqis bo‘lganiga qaramay, fermerlarimizning fidokorona mehnati tufayli har gektardan o‘rtacha 45 sentnerdan hosil olinib, jami 5 million 200 ming tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi. 

Bu yil esa yog‘ingarchilik miqdori o‘tgan yilga nisbatan ikki marta, avvalgi yillarga qiyosan 1,3 barobar yuqori bo‘lmoqda. Misol uchun, Tollimarjon suv omborida 1 milliard kub metr, Chimqo‘rg‘on, Pachkamar va boshqa suv omborlarida o‘tgan yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p suv yig‘ildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv ta'minotini yaxshilash uchun Sardoba suv ombori ishga tushirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘p hosil olish imkonini yaratadi. 

Yana bir muhim jihat – fermerlarni rag‘batlantirish uchun 2019 yilda bug‘doyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi. Yuqori hosil olgan fermerlarga davlat xarid narxiga 25 foizgacha, ya'ni har bir tonna don uchun 300 ming so‘mgacha ustama qo‘llash tizimi joriy qilindi. Bu esa mo‘l hosil yetishtirishga katta turtki bo‘ladi. 

Qolaversa, azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar o‘z vaqtida joylarga yetkazib berilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hosildorlikni va don yetishtirish hajmini o‘tgan yilga nisbatan kamida 30 foizga oshirish uchun barcha imkoniyat mavjud. 

Yig‘ilishda g‘alla rivoji holati har bir hudud misolida tanqidiy tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Qarshi, G‘uzor, Chiroqchi va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Jomboy, Pastdarg‘om tumanlari, Jizzax viloyatining Do‘stlik, Sharof Rashidov, Zafarobod tumanlari, Sirdaryo viloyatining Xovos, Oqoltin va Guliston tumanlarida g‘alla rivoji ortda qolgan. Toshkent, Namangan va boshqa viloyatlarda ham zarur agrotexnik tadbirlar talab darajasida amalga oshirilmagan. 

Videoselektor yig‘ilishida bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, hosildorlikni oshirish, qo‘shimcha don ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Joriy yil g‘allachilik uchun qulay kelayotgani, bundan oqilona va samarali foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘l va arzon bo‘lishini ta'minlash zarurligi ta'kidlandi. 

Yurtimiz tabiati – Yaratganning in'omi. G‘alla, don esa asosiy iste'mol tovarlaridan biri. G‘alladan mo‘l hosil yetishtirsak, don ishlab chiqarish ko‘payadi, oziq-ovqat mahsulotlari arzon bo‘ladi. Bu judayam muhim, xalqimiz farovonligi bilan bog‘liq masala, dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz paxtachilikda o‘zini oqlayotgan tajribadan kelib chiqib, g‘allachilik bo‘yicha ham klasterlar tashkil etish zarurligini ta'kidladi. Mutasaddi rahbarlar va viloyatlar hokimlariga bu borada tegishli topshiriqlar berdi. 

Fermerlar ham, klasterlar ham iqtisodiy manfaat bilan ishlashi, shartnoma rejasidan orttirib hosil olishi va daromadini ko‘paytirishi kerakligi qayd etildi.  

G‘allachilik qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklarida ozuqaga doimiy ehtiyoj mavjud. Endi bunday xo‘jaliklar bilan fermerlar o‘rtasida g‘alla hosilining muayyan qismini sotib olish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilishi yo‘lga qo‘yiladi. G‘alla parvarishlanib, hosilga-hosil qo‘shiladigan paytda parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari fermer xo‘jaliklariga mablag‘ yo‘naltirib, keyinchalik arzon ozuqa oladi. Pirovard natijada g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishga, undan ozuqa tayyorlash orqali go‘sht, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarining arzon bo‘lishiga ham erishiladi. Bundan ikki tomon ham manfaat ko‘radi.  

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda manfaatdor xo‘jaliklar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklarining bug‘doyga talabini to‘liq qoplash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

G‘alla parvarishi bo‘yicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhlari joylarga borib, viloyat va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari bilan birga g‘alla hosildorligini kamida 30 foizga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqib, ijrosini tashkil qilishi zarurligi qayd etildi. 

Bunda, birinchi navbatda, g‘allani 10 martga qadar azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga alohida e'tibor qaratish kerakligi ta'kidlandi. Suv xo‘jaligi vazirligiga suvni tejab ishlatish, sug‘orish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish vazifasi qo‘yildi. Joylardagi sektorlar rahbarlariga har bir fermer xo‘jaligi kesimida zarur agrotexnik tadbirlarni belgilash va izchil amalga oshirilishini ta'minlash topshirildi.  

Yig‘ilishda soha mutasaddilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbarlari ko‘rsatib o‘tilgan masalalar yuzasidan axborot berdi.

Manba: uza.uz


Kiritilgan vaqti: 26/02/2019 17:39;   Ko‘rilganligi: 361
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing