78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Qashqadaryo viloyatida limonchilik uyushmasi tashkil etiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qarshi tumanidagi “Baxt” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, viloyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.

2001 yilda tashkil etilgan “Baxt” fermer xo‘jaligi 278 gektar yerda chorvachilik, parrandachilik, tuyachilik, yilqichilik, quyonchilik bilan shug‘ullanadi. 4 gektarda intensiv bog‘, 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Xo‘jalikda o‘tgan yili 55 tonna go‘sht, 355 tonna sut, 64 ming dona tuxum, parranda go‘shti, baliq yetishtirilgan. Go‘sht va sut shu yerning o‘zida qayta ishlanib, ichki bozorga tayyor mahsulot yetkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari fermer xo‘jaligida qo‘shimcha tarmoqlarni ishga tushirish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, achchiq qalampir, kovrak plantatsiyalari tashkil etish, chorvachilik, kurkachilik majmualari, pistazor va yong‘oqzorlar barpo etish, sutni qayta ishlash, asalarichilik loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz o‘rmon xo‘jaliklarida intensiv usulda ko‘chat yetishtirish hamda o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanishga oid loyiha bilan tanishar ekan, Toshkent davlat agrar universiteti magistraturasini bitirib, Shahrisabz tumanida 4 sotix yerda 6 oyda 50 mingta 1 yoshli limon ko‘chati yetishtirgan Akbar Saidovning innovatsion ishlanmasiga alohida to‘xtaldi.

Intensiv usulda, mikroiqlim sharoitida parvarishlangan bu ko‘chatlar odatdagiga qaraganda ikki baravar jadallashgan holda o‘sadi.

Limonchilik nafaqat Qashqadaryo vohasi, balki mamlakatimiz uchun serdaromad sohalardan. Bu tarmoqni rivojlantirish iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, qo‘shimcha daromad manbaini yaratishga xizmat qiladi. Shu bois mazkur istiqbolli yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash, Qashqadaryo misolida limonchilik uyushmasini tashkil etish lozim, dedi Shavkat Mirziyoev. Yangi uyushmaga “Agrobank” ta'sischilik qiladi.

Qashqadaryo viloyatida teri xomashyosini qayta ishlash va charm-poyabzal klasterini barpo etish, aholini tuxum va parranda go‘shti bilan ta'minlash, “G‘uzor tekstil impeks” MCHJ tomonidan yengil sanoat majmuasi tashkil etish, lalmi yerlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish hamda Mirishkor tumanidagi sobiq Bahoriston tumani hokimligi va non kombinati binolarida kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama etildi.

Prezidentimiz barcha loyihalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Manba: UzA

Kiritilgan vaqti: 29/01/2018 17:32;   Ko‘rilganligi: 645
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing