78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Respublikamiz hududlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ishlatish va undan foydalanish bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan “Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qiluvchi paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar uchun joylarda qisqa muddatli kurslarni tashkil etish bo‘yicha o‘quv dasturi”ning reja-grafigiga asosan shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, klaster tashkilotlarining rahbarlari, soha olim va mutaxassislari, tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqaruvchi, loyihalovchi, quruvchi korxonalar vakillari ishtirokida o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda.

O‘quv-seminarlar davomida Toshkent davlat agrar universiteti hamda uning Nukus,  Andijon va Termiz filiallari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda uning Buxoro filiali professor-o‘qituvchilari, ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishtirokchilarga qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishning zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalarini, jumladan, tomchilatib sug‘orishni joriy qilishning afzalliklari, tomchilatib sug‘orish tizimini qurish, undan foydalanish tartiblari, ushbu texnologiya asosida g‘o‘za parvarishlashning muhim jihatlari batafsil tushuntirib berilmoqda.

Shuningdek, o‘quv-seminarlar davomida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha quruvchi tashkilotlar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida shartnomalar ham imzolanmoqda.

Joylarda o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarlar joriy yil 13 martga qadar davom etadi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 8 million so‘m subsidiya taqdim etiladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizli punkti miqdorida qoplab berilmoqda.

Qurilish ishlari amalga oshirilayotgan hudularda xorijdan olib kirilayotgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va xom ashyolar bojxona bojini to‘lashdan ozod etilmoqda.

Bundan tashqari, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydon 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.

Hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlaridagi bir qator tumanlarda paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish loyihasi bo‘yicha quruvchi korxonalar tomonidan ishlar boshlab yuborilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarida tomchilatib sug‘orish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Maslahat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasining asosiy butlovchi qismlari respublikamizdagi mahalliy korxonalar  “Eco Drip lux”, “Agro Drip”, “Debyt”, “Pipe technologies” va “Sho‘rtangaz kimyo majmuasi” MCHJlarda ishlab chiqarilmoqda.


Kiritilgan vaqti: 07/03/2019 18:37;   Ko‘rilganligi: 694
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing