78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Samarqandda bayram: Mashaqqatli mehnat e'tirof etildi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni hamda viloyat mehnatkashlarining 2018 yil qishloq xo‘jalik mavsumi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Ta'kidlash lozimki, bu yil suv tanqisligi, yozning jaziramasi tajribali dehqonlarni sinovdan o‘tkazdi. Shunday bo‘lsa-da viloyat mehnatkashlari 129 ming 508 tonna paxta, 305 ming tonnadan ortiq boshoqli don, 2241 tonna pilla xomashyosi, 492 ming 300 tonna kartoshka, 1,5 million tonna poliz-sabzavot, 771,5 ming tonna meva va uzum yetishtirishga erishdilar.

Viloyat sohibkor dehqonlari mehnati evaziga yetishtirilgan meva-sabzavot dunyoning 45 dan ortiq davlatiga eksport qilindi va bu ko‘rsatkich yil sayin oshib bormoqda. Hozirda viloyatda 20 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shulardan 3449 fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqliga aylantirildi. Buning uchun viloyat bo‘yicha 244,9 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 3 212 ta loyiha amalga oshirildi. Yana 4 mingga yaqin fermer xo‘jaligi xizmat ko‘rsatish va qo‘shimcha tarmoqlar faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.

– Odam mehnati samarasini ko‘rganda ko‘ngli o‘sadi, – deydi «Narpaydavsuvmaxsuspudrat» davlat unitar korxonasi ekskovator mashinisti Xolbek  Xo‘jayev. – Hozirgina Prezidentimiz farmoniga ko‘ra «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» unvoniga sazovor bo‘lganim va bu yuksak mukofotni viloyatimiz rahbari qo‘lidan olishim meni juda to‘lqinlantirib yubordi.

Qirq yildan buyon shu kasb bilan shug‘ullanib kelaman. Ilgari zovurlarni oddiy, zanjirli ekskovatorda kovlardik. Hozirda Xitoyning zamonaviy ekskovatorini boshqaryapman. Texnika barakali ishlash uchun barcha qulayliklarga ega, muhimi, unumdor. Shuning uchun har oyda o‘rtacha 15 ming kub qazish ishlarini bajaryapman.

Rosti, bizning kasbimizdagi kishilar unchalik ham ko‘zga tashlanavermaydi. Ammo fidokorona mehnatimiz samarasi – yashnagan yerlar, bog‘-rog‘larni ko‘rganimda kasbimdan, ushbu obodlikda hissam borligidan faxrlanib ketaman. Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanib, yuksak unvonga loyiq ko‘rilganim esa meni yanada jasorat bilan mehnat qilishga undaydi. Bu nafaqat menga, balki butun jamoamizning fidokorona mehnatlariga berilgan mukofot, deb bilaman.

– Faoliyat boshlaganimizga 7 yil bo‘ldi, – deydi «Ilg‘or fermer» ko‘krak nishoni sohibi, Ishtixon tumanidagi «Domla Abror UMR» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Abror Rabbimov. – Dastlabki yillarda asosan paxta va g‘alla yetishtirardik. Keyinchalik ekin maydonlarimiz kengaydi, xo‘jaligimizni rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha chorva hamda issiqxona tarmog‘ini yo‘lga qo‘ydik. Endi mevani qayta ishlash kichik korxonasi tashkil etish bo‘yicha ishlar olib boryapmiz.

Buning uchun asosiy manba – mablag‘imiz bor. Joriy yilda 44 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 41 sentnerdan, 27 gektar g‘alla yetishtirib, 80 sentnerdan hosil oldik. Yakuniy daromadimiz 1 milliard so‘mdan oshdi. Bugun respublikamizdagi sanoqli fermerlar qatori «Ilg‘or fermer» ko‘krak nishoniga ega bo‘lganim mamlakatimizda fermerlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir. Bundan keyin ham el dasturxonini to‘ldirish uchun mehnat qilamiz, izlanamiz.

Elimiz ardog‘idagi san'atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbir qatnashchilariga xushkayfiyat, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Hosil bayrami tadbirlari Samarqand shahridagi "Diyora" bazmgohida bir piyola choy ustida davom etdi.


Kiritilgan vaqti: 12/12/2018 11:19;   Ko‘rilganligi: 414
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing