78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

«Sardoba suv omborini qayta qurish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi» – Qurilish vazirligi rasmiysi

Qurilish vazirligi Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev Daryo.uz muxbiri bilan suhbatda qaror asosida juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilayotgani, xususan, laboratoriya tahlillari olinib, ilmiy-texnik asoslash maqsadida izlanishlar davom etayotganini tasdiqlagan. «Obyektning amaldagi holati dastlabki loyiha yechimlariga qanchalik muvofiqligi ham tekshirilmoqda. Bu o‘rganishlar ertaga shunday noxush holat yana takrorlanmasligi uchun, shu kabi falokatlarning oldini olish uchun qilinmoqda», degan vazirlik mas'uli. Suv omborini qayta qurish bo‘yicha loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra obyektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Biroq qurilish muddatlari ma'lum qilinmagan. «Sababi — bu xizmat doirasida foydalanish uchun belgilangan hukumat qarori. Hukumat tomonidan grafik qilingan va mas'ul xodimlar belgilangan. Reja bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning biriktirilgan tashkilotlari o‘z ishini qilmoqda», degan Boboyev. Birinchi bosqichda to‘g‘on yon-bag‘irlarida hosil bo‘lgan yoriqlarni texnik nuqtayi nazardan bartaraf etish va qayta ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bunda ularning suvni qabul qila olish qobiliyati va boshqa ilmiy-texnik izlanish natijalari o‘rganib chiqiladi. Xulosalar qabul qilinib, ilmiy-texnik izlanishlar yakunlangach, to‘g‘onni tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Boboyevning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari boshchiligida omborning suv bosimiga bardoshlilik qobiliyati, unga aslida qancha miqdorda suv to‘ldirish mumkinligi ilmiy o‘rganilmoqda. «Holat qo‘shni davlatlarga ham taalluqli bo‘lgani bois ilmiy o‘rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilingan. Bunda bir necha mustaqil ekspertlar guruhi qilingan ishlar natijalarini tahlil qiladi va o‘z xulosalarini beradi. Shundan kelib chiqib, keyingi bosqich ishlari davom ettiriladi», degan Boboyev. Kun.uz ushbu loyihaning moddiy tarafiga (qiymati) hamda qaysi kompaniya tomonidan qurilishiga aniqlik kiritish uchun vazirlik boshqarma boshlig‘i Nasrullo Boboyev bilan bog‘landi. Lekin Boboyev hozir bu haqda gaplasha olmasligini, keyinroq batafsil izoh berilishini ma'lum qildi.

Kiritilgan vaqti: 17/02/2021 09:16;   Ko‘rilganligi: 8
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing