78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

SARHISOB

Qiyin va nihoyatda murakkab kelgan 2020 yilda barcha sohalar qatori suv xo‘jaligi tizimi ham ulkan sinov va qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdi. Oldingi yillarga nisbatan suv resurslari o‘rtacha 20 foizga kam bo‘lishiga qaramasdan, suvchilarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga iste'molchilarga sug‘orish uchun vegetatsiya mavsumida barcha manbalardan 32,5 mlrd.m³, shu jumladan, daryo va soylardan 31,2 mlrd. m³ suv yetkazib berildi. Suv tanqisligini yumshatish maqsadida tik quduqlarga 1000 dona ESV nasoslari hamda kollektor tarmoqlariga 1163 dona dizel nasoslari o‘rnatilib, yer ostidan 423 mln. m³ va zovurlardan 847 mln. m³ suv olindi. Buning natijasida suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan 325 ming gektar maydonga kerakli miqdorda suv yetkazib berildi. 

Suv tejovchi texnologiyalar 133,6 ming gektarda yoki avvalgi yillarga nisbatan ikki barobar ko‘p maydonda joriy qilindi. Buning natijasida vegetatsiya davrida 280 mln. m³ suv tejalib, 300 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarning suv ta'minoti yaxshilanishiga erishildi. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga 133,0 mlrd. so‘m subsidiya ajratildi.

Suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlariga Davlat byudjetidan 4 531,4 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan bo‘lib, shundan, 768,7 mlrd. so‘mi ish haqi va ajratmalarga, 3 762,7 mlrd. so‘mi boshqa xarajatlarga (elektr energiyasi xarajatlari uchun 3 274,1 mlrd. so‘m) ajratildi.

Ushbu mablag‘lar hisobiga, jumladan, 86 ta nasos va 145 ta elektrodvigatellar energiya tejamkor bo‘lgan yangisiga almashtirildi. 2 ming 541 ta nasos agregati va 1 ming 204 ta sug‘orish quduqlari ta'mirlandi.

Shuningdek, energiya tejamkorlikka katta e'tibor qaratilishi tufayli joriy yilda sarflangan elektr energiyasi 7 mlrd. 178 mln. kVt. soatni tashkil etdi. Bu bilan 2019 yilga nisbatan 231 mln. kVt. soat (104 mlrd. so‘mlik), oxirgi o‘rtacha uch yillikka nisbatan 737 mln. kVt. soat (332 mlrd. so‘mlik) elektr energiyasi tejaldi.

Ekspluatatsiya xarajatlari hisobidan 6 ming 324 km magistral va xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlarida ta'mirlash va tozalash ishlari bajarildi, ulardagi 6 ming 249 ta gidrotexnik inshoot va 5 ming 918 ta gidropost ta'mirlandi. Natijada kanallarda suv yo‘qotilishi 1,5 mlrd. m3 ga kamaydi.  

Kapital qo‘yilmalar hisobidan 1 ming 164,2 km kanal va sug‘orish tarmog‘i, 878,7 km kollektor-drenaj tarmog‘i, 88 ta gidrotexnika inshooti, 59 ta nasos stansiyasi, 392 dona sug‘orish va 79 ta vertikal drenaj quduqlari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 13 ming 942 km kollektor-drenaj tarmoqlari tizimli ravishda ta'mirlandi va tiklandi.

294,5 ming gektar maydonning meliorativ holati tubdan yaxshilandi, kuchli va o‘rta sho‘rlangan maydonlar 29,8 ming gektarga kamaydi, sizot suvlari sathi 2 metrgacha bo‘lgan maydonlar 85,7 ming gektarga qisqardi, 206,9 ming gektar maydonda yerlarning meliorativ barqarorligi ta'minlandi. 100 ming gektardan ziyod yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili bo‘yicha 32 ta loyiha ustida ish olib borildi. Shundan 8 tasi 2020 yilda davlat reestridan o‘tkazildi. Buning natijasida 12 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari tejaladi. Shuningdek, mazkur loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan 30 mlrd. so‘m investitsiya kiritish bo‘yicha bitim imzolandi.

“Aqlli suv” qurilmalari soni 159 taga yetkazildi. 10 ta gidrouzelning boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirildi. “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini monitoring qilish” axborot tizimi ishlab chiqildi. Cuv xo‘jaligi sohasidagi barcha axborot tizimlarini o‘zida qamrab olgan 5 ta moduldan iborat “Vaziyatlar markazi” axborot tizimi yaratilib, sinov tariqasida ishga tushirildi.

Buning natijasida, suv xo‘jaligi inshootlarida real vaqt rejimida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish, viloyat va tuman chegarasida yetkazib berilayotgan suv resurslarini onlayn kuzatib borish hamda suvning aniq hisob-kitobini yuritish imkoniyatiga erishildi. Suvni boshqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, suvning texnik yo‘qolishlarining oldini olish, suvdan belgilangan limit asosida foydalanish hamda suvni operativ boshqarish imkoniyati yaratildi.   

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi kabi yirik xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda 6 ta investitsiya loyihasi doirasida 196,5 mln. AQSH dollari o‘zlashtirildi. Buning natijasida 2020 yil yakuniga kelib jami 191,3 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta'minoti hamda 100 ming gektar yerlarning meliorativ holati yaxshilandi. 200 km dan ortiq kanallar va ulardagi gidrotexnik inshootlar qayta tiklandi,  105 dona tik quduqlar qurildi, 11 ta nasos agregati o‘rnatildi, umumiy quvvati 100 m³/s bo‘lgan 1 ta nasos stansiyasi ishga tushirildi. 257 ta nasos agregatlari faoliyati to‘xtatilishi natijasida har yili 25,9 mlrd. so‘m ekspluatatsiya mablag‘larini iqtisod qilish, irrigatsiya tizimi kanallarining foydali ish koeffitsiyentini 15 foizga oshirish, yiliga 700-800 mln. m³ suvni tejash imkoniyati yuzaga keldi. Ushbu loyihalar doirasidagi ishlar davom etmoqda.

Suv xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan 500 nafardan ortiq bitiruvchi tizimga ishga olindi. Ishsiz yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha “Manzilli reja”ga asosan 2000 nafardan ziyod yoshlarga ish o‘rni yaratildi.

Vazirlik tasarrufiga olingan 11 ta kollejga yangi o‘quv yilida 1250 nafar, jumladan, 8 ta kollejda “Suv tejovchi texnologiyalarga xizmat ko‘rsatish texnigi” yo‘nalishiga 310  nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ushbu kollejlarda meliorativ mashina mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha 3 kunlik qisqa kurslar tashkil etilib, ekspluatatsiya tashkilotlarining 220 nafar xodimlari o‘qitildi.

2020 yilda 25 ta mavzu bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlariga 2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Respublika davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 5 ta fundamental, 13 ta amaliy loyiha amalga oshirildi.

Joriy yilda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 7 nafar tadqiqotchisi, shundan 2 nafari Xitoy Xalq Respublikasida doktorlik (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi.

2020 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan vazirlikka kelib tushgan 2 ming 198 ta murojaat o‘rganildi. Shundan 780 tasi (35,4%) qanoatlantirilgan, 1 ming 383 tasiga (62,9%) huquqiy tushuntirish berilgan, 35 tasi (1,5%) bo‘yicha hozirgi kunda o‘rganish olib borilayapti. Shu bilan birga, Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda sayyor qabullar o‘tkazildi.

Sohada qilinayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida 8 ta matbuot anjumani va 4 ta press-tur o‘tkazildi. Vazirlik veb-saytiga 700 ga yaqin, ijtimoiy tarmoqlarga 1000 dan ortiq materiallar joylashtirildi. Televidiniyeda 100 ga yaqin ko‘rsatuv va lavhalar namoyish etildi, matbuotda 150 dan ortiq maqola chop etildi.

Hurmatli Prezidentimizning sohaga bo‘lgan e'tibori va bevosita qo‘llab-quvvatlashlari natijasida joriy yilda suv xo‘jaligiga doir 1 ta Farmon va 3 ta qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori qabul qilindi. Xususan, Davlatimiz rahbarining 2020 yil 10 iyuldagi PF-6024-sonli Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilinishi, shubhasiz, keyingi o‘n yillikda suv xo‘jaligi istiqbolini belgilab beruvchi tarixiy hujjat bo‘ldi. Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari va tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlari va ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish yakunlanayapti.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqimizga yo‘llagan Murojaatida 2021 yilda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlarini 5 barobarga ko‘paytirish va 430 ming gektarga yetkazish, suvni tejash hisobidan 90 ming gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish vazifasini qo‘ydilar. Ushbu vazifalarning ijrosini to‘liq ta'minlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansga hissa qo‘shishda oldingi saflarda bo‘lish uchun biz barcha miroblar bor kuch-g‘ayratimiz bilan intilamiz.

 

            Shavkat Xamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vaziri


Kiritilgan vaqti: 08/01/2021 14:45;   Ko‘rilganligi: 55
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing