78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Suv bilan bog‘liq muammolarning aksariyatiga nima sabab bo‘lmoqda? Kun.uz’ning Germaniyadagi yurtdoshimiz bilan maxsus intervyusi

Dunyoning 30 foizga yaqin aholisi xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. 2030 yilga borib, yer shari aholisining yarmi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashashga majbur bo‘ladi. Bunday ma'lumotlar esa suv resurslarini asrash mavzusiga yanada jiddiy yondashish va suv bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirishni talab etadi.

Kun.uz muxbiri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining "UzWaterAware" loyihasi bo‘yicha Germaniyaga amalga oshirgan safari doirasida hamyurtimiz, Berlin shahridgi Water Integrity Network xalqaro nodavlat tashkilotining tadqiqotlar bo‘yicha koordinatori, “Buyuk kelajak” eksperti Umrbek Allaqulov bilan suv muammolari va ularning yechimi haqida suhbatlashdi.

- Siz faoliyat yuritayotgan Water Integrity Network qanday tashkilot?

- Water Integrity Network suv muammolari bo‘yicha dunyo ahlining xabardorlik darajasini oshirish va korrupsiyaning oldini olish tamoyillarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Biz o‘z faoliyatimiz davomida xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Bugunga kelib uch davlatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri dasturlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Shu bilan birga, dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida hamkorlarimiz orqali tadbirlar uyushtiramiz.

- Bugungi kunda suv bilan bog‘liq qanday dolzarb muammolar mavjud? Ularga doir prognozlar bo‘lsa, keltirib o‘tsangiz.

- Toza ichimlik suvi dunyoda eng notekis taqsimlangan resurslardan biridir. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning 30 foizga yaqin aholisi xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. Olimlar taxminiga ko‘ra, 2030 yilga borib, yer shari aholisining yarmi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashashga majbur bo‘ladi. Ko‘p mamlakatlarda ichimlik suvi va sug‘orish suvi tanqisligi tobora oshib bormoqda. Bu esa mamlakatlar o‘rtasida transchegaraviy suvlar va suv obyektlaridan foydalanish hamda suv iste'moliga oid xalqaro nizolarni keltirib chiqaradi. Boz ustiga, global iqlim o‘zgarishi bu kabi muammolarning yanada kuchayishiga olib keladi va natijada, nafaqat suv tanqisligi, balki suv toshqinlari ham ko‘payadi.

- Sizning fikringizcha, suv bilan bog‘liq inqirozlarning bosh sababi nimada?

- Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, suv sohasidagi inqirozlarning aksariyatiga suv zahiralarining tanqisligi emas, soha boshqaruvidagi kamchiliklar sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar kuzatuviga ko‘ra, boshqaruvdagi kamchiliklar zamirida qator masalalar, jumladan, korrupsiya va huquqbuzarlikka doir muammolar yotadi.

Water Integrity Network hisobotida keltirilishicha, o‘rta hisobda sarmoyalarning 10 foizi korrupsiya tufayli talon-taroj qilinsa, yiliga dunyo miqyosida suv sohasiga mo‘ljallangan 75 milliard AQSH dollari yo‘qotiladi. Bundan tashqari, ichimlik suvi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda suv resurslarini taqsimlash va muhofaza qilishda sodir etiladigan huquqbuzarlik va korrupsiya holatlari jamoatchilik salomatligi inqiroziga, oziq-ovqat ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklarga va tabiiy resurslarning ifloslanishiga olib keladi. Ahamiyatli jihati shundaki, korrupsiya ko‘p uchraydigan mamlakatlarda xalqning hukumatga bo‘lgan ishonchi pasayishi kuzatiladi va bu, o‘z navbatida, qo‘shimcha muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

- Suv sohasidagi korrupsiya muammosining yechimi haqida nima deya olasiz, siz faoliyat yuritayotgan tashkilot bunda qanday tamoyillarga asoslanadi?

- Iqtisodiyotning har bir sektori o‘ziga xos boshqaruv tuzilmasi va huquqiy asoslarga ega. Shu bois sohada uchraydigan muammolar, jumladan, huquqbuzarlik va korrupsiya holatlari boshqalardan ajralib turadi.

Water Integrity Network tashkiloti suv sohasida halollikka asoslangan boshqaruv va korrupsiyaning oldini olishga doir 4 tamoyilni targ‘ib qilib keladi. Bular:

1. Ochiqlik va shaffoflik (ya'ni barcha ma'lumotlar ochiq taqdim etilishi kerak, istagan odam suv bilan bog‘liq ma'lumotlarni olish imkoniga ega bo‘lishi kerak, mavzu ochiq muhokama qilinishi lozim);

2. Javobgarlikning muqarrarligi (ya'ni shu sohada faoliyat yuritayotgan shaxslar, korxonalar va davlat tashkilotlari aholi oldida mas'uliyatni his qilishi kerak);

3. Fuqarolik jamiyatining ishtiroki (ya'ni jamoatchilikning sohada faol ishtirok etishi muhim, masalan, ular loyihalar monitoringida, suv bilan bog‘liq dasturlar tuzilishida qatnasha olishi, ularning taklif va istaklari inobatga olinishi kerak, shikoyatlarni ko‘rib chiqishga doir mexanizmlar ishlab chiqilishi lozim);

4. Korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarning amalda mavjudligi. Har bir sohaning o‘ziga xos xususiyatlari bor, shulardan kelib chiqib, ushbu sohada korrupsiyaga nisbatan qanday imkoniyatlar va xavflar borligini tushunib olish hamda ularning asosida chora-tadbirlar tuzilishi kerak. Korrupsiyaga qarshi axborot bergan shaxslarning himoya tizimini ta'minlash zarur. Agar bu tizim ishlamasa, korrupsiya davom etaveradi.

Faoliyatingiz davomida qanday qiyinchiliklar kuzatilmoqda?

- Birinchisi, muammo borligini ko‘pchilik biladi-ku, lekin bu haqida ochiq ayta olmaydi. Ikkinchisi, korrupsiya ko‘p uchraydigan davlatlarda korrupsiya odatiy tusga aylanib qolgan bo‘ladi. Bu hayot tarziga aylanib ketgani uchun odamlar korrupsiyani huquqbuzarlik sifatida qabul qilmaydi, chunki bu yillar davomida davom etib kelgan va odamlarning turmush tarziga singib ketgan. Shuning o‘zi ham biz uchun muammo, chunki biror davlatga borsangiz-u, ular “o‘zi doim shunday qilinadi-ku” deb, muammoning boshqa yo‘lini ko‘rmasligi ham mumkin.

- O‘zbekistonda suv sohasidagi huquqbuzarlikning oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar zarur, deb hisoblaysiz?

- Intervyuga kelishdan avval O‘zbekistonning suv ta'minoti bo‘yicha ma'lumotlarni internetdan izlab ko‘rdim va ularni topishga qiynaldim. Ta'kidlash joizki, Afrikaning 90 foiz davlatida bu ma'lumotlarni osongina topish mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik va shaffoflik juda muhim.

Suv sohasidagi huquqbuzarlikning oldini olish uchun eng avvalo huquqbuzarlik va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha suv sohasiga ixtisoslashgan dastur ishlab chiqilishi va amalda tatbiq etilishi lozim. Shu bilan birga, suv sohasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va korrupsiyaga olib keluvchi omillar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi zarur. Shu tadqiqot natijalariga asoslanib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jadal suratda olib borilayotgan islohotlar yuqoridagi muammolarni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Masalan, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun, davlat xaridlari haqidagi qonun va tegishli davlat dasturlari ishlab chiqilmoqda. Umid qilamizki, bunday dasturlar suv bilan bog‘liq muammolar yechimida ham o‘z amalini topadi.

O‘zbekiston hukumatining suv sohasidagi muammolarga alohida e'tibor qaratayotgani quvonarli, albatta. Bu boradagi chora-tadbirlar Prezident tomonidan 2017 yil 21 aprelda imzolangan “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda to‘laqonli belgilab berilgan. Bizning tashkilotimiz mazkur qonun va dasturlar ijrosi natijalarini qiziqish bilan kuzatib bormoqda, ularning kutilgan samarani berishiga ishonamiz.

- Water Integrity Network qanday loyihalar ustida ishlamoqda? Tashkilotingiz hamkorlari orasida O‘zbekiston vakillari ham bormi?

- Hozirda O‘zbekistondan hamkorlarimiz yo‘q, Markaziy Osiyoda bor. Dunyoning turli hududlarida faoliyat yuritib kelayotgan hamkorlarimiz talaygina va shu hamkor tashkilotlarning O‘zbekistonda yo‘lga qo‘ygan loyihalari bor, lekin ular bizning mavzu bo‘yicha ish olib bormaydi. Korrupsiya mavzusi oson mavzu emas, ya'ni u barcha davlatlarda ham ochiqdan-ochiq muhokama qilinmaydi. Qaysi mamlakatlarda shu mavzu bilan shug‘ullanish istagi bo‘lsa, ko‘proq shular bilan ishlab kelyapmiz. Bu mavzuga ishtiyoq bo‘lmasligining o‘zi bir muammo.

Korrupsiyaning oldini olish tomon qo‘yilgan birinchi qadam ushbu muammoni muhokama qilishdan boshlanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash har xil darajada olib borilishi mumkin, albatta. Masalan, davlat darajasida olib qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda, lekin aynan biror soha ichidagi korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘p davlatlar uchun yangilikdir. Birinchi navbatda, davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari bilan suhbat qilinishi kerak va ular davomida korrupsiya muammosi qay darajada tarqalgani, qanday oqibatlarga olib kelayotganini yaxshilab tushunib olish kerak. Muammoni yanada chuqur o‘rganish uchun turli tadqiqotlar olib borish mumkin. Shundan keyingina turli jihozlar va mexanizmlarni yo‘lga qo‘yib, ish olib boramiz.

- Qaysi mamlakatlarda shunday tadqiqotlar olib borilmoqda?

- Hozirgi kunda uch mamlakat – Benin, Bangladesh va Keniyada katta loyihalarimiz bor, ya'ni ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaramiz. Bu mamlakatlarda suv tanqisligi bir muammo bo‘lsa, iqlim o‘zgarishi oqibatidagi suv toshqinlari yana bir muammo.

Ma'lumot uchun: Umrbek Allaqulov Urganch shahrida tug‘ilib o‘sgan. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida tahsil olgan. Poytaxtdagi Germaniya hamkorlik tashkilotida 2 yil ishlagan. Shundan keyin grant asosida magistraturada o‘qish uchun Germaniyaga yo‘l olgan. Uni tugallagach, 1 yil Vashington (AQSH) shahrida Jahon bankida ishlagan. So‘nggi uch yilda Germaniyaning Berlin shahrida joylashgan Water Integrity Network tashkilotida faoliyat yuritadi va shu yerda yashaydi.

Ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va davlat idoralari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi "UzWaterAware" loyihasi doirasida tashkil etildi. "UzWaterAware" loyihasi Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) tomonidan moliyalashtiriladi, loyihaning milliy hamkori - O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi.

Lola Rahmonboyeva,
Kun.uz jurnalisti

Manba: Kun.uz 


Oxirgi o‘zgarish: 20/11/2020 10:30;   Ko‘rilganligi: 396
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing