78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

SUV XO‘JALIGI SOHASIDA DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK TAMOYILLARI

2020 yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida “Suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda vazirlik mutasaddilari, soha mutaxassislari va olimlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda ta'kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi PF-6024-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tamoyillari asosida 2020 yilda 5 ta, 2025 yilgacha 25 ta va 2030 yilgacha 50 ta loyihalarni amalga oshirish vazifasi belgilangan.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xo‘jaligi obyektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish, tejalgan mablag‘larni suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish hamda xodimlar mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirishga yo‘naltirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.

Ayni paytda vazirlik tomonidan 2020-2021 yillar davomida DXSH shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan 29 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Shundan 10 tasini klaster tizimida faoliyat yuritib kelayotgan xo‘jaliklar bilan amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ulardan 5 tasi yakunlandi, qolgan 5 tasi bo‘yicha ishlar 2020 yil yakuniga qadar tugallanadi.

DXSH bo‘yicha dastlabki loyihalar allaqachon samarasini bera boshladi. Xususan, 2020 yil iyun oyida Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasi bilan “Sirdaryo meliorativ qurilish” mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida imzolangan qiymati 9 mlrd. so‘mlik DXSH bitimi bo‘yicha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 1,5 mlrd. so‘mlik vositalar keltirilgan. 

Beton zavodi, beton qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda texnikalarni ta'mirlashni yo‘lga qo‘yish natijasida 50 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 27 oktyabr kuni Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli “Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini “TCT AGRO CLASTER” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga DXSH asosida boshqaruvga berish” loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi, ushbu loyiha bo‘yicha barcha tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi.


Kiritilgan vaqti: 28/12/2020 10:51;   Ko‘rilganligi: 47
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing