78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Suv xo‘jaligi vazirligida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlari bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi ekologik faoliyati samaradorligining  Uchinchi sharhi uchun ma'lumot to‘plash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Janob Antuan Nunesh boshchiligidagi delegatsiya a'zolari turli vazirlik va idoralarda bo‘lib, uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

2019 yil 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) ekspertlariga vazirlik oldida turgan asosiy vazifalar, xususan, respublikamizda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, bu borada aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Ekspertlar guruhlarga bo‘lingan holda vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘limlari mutaxassislari bilan o‘zaro fikr almashdi. Muhokamalarda mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, jumladan, transchegaraviy daryolardan xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yorlariga rioya etgan holda adolatli va oqilona foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini oshirish choralarini ko‘rish, suv xo‘jaligi tizimiga ilm-fan yutuqlari, resurstejovchi zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni, innovatsion usullarni keng joriy qilish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratildi. 

Ekspertlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga vazirlik mutaxassislaridan javob oldilar.

Qisqacha ma'lumot: Ekologik faoliyat samaradorligi sharhi (EFSSH) – biron-bir mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha erishilgan yutuqlarni baholash jarayoni bo‘lib, BMT YEIK tomonidan 1994 yildan beri amalga oshirib kelinadi.

O‘zbekiston 2001 yildan beri EFSSH dasturida ishtirok etib keladi. O‘zbekiston Respublikasida Ekologik faoliyat samaradorligining ikkinchi sharhi 2009 yilda tayyorlangan.


Kiritilgan vaqti: 27/02/2019 16:31;   Ko‘rilganligi: 327
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing