78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

SUV XO‘JALIGI VAZIRLIGIDA NAVOIYXONLIK KECHASI O‘TKAZILDI

Yurtimizdan dunyo ilm-fani rivojiga, jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqanligini bot-bot ta'kidlaymiz. Buni jahon afkor ommasi ham tasdiqlaydi. Aslida O‘zbekistonning har qarichi ulug‘ zotlar xokiga oshiyon muqaddas zamindir. Ona diyorimizning o‘tmishda ham, bugungi kunda ham chinakam ma'noda faxriga aylangan buyuk siymolaridan biri Amir Nizomiddin Alisherbek Navoiy hazratlari haqida so‘z yuritganda, u muhtaram zotning komil shaxs va davlat arbobi sifatida amalga oshirgan ishlarini tasanno va ofarinlar bilan tilga olamiz.

Navoiy bobomiz, o‘zlarining ta'biri bilan aytganda, odamlarning naqshi bo‘lgan. U kishining ota-onaga mehru muhabbati, ustozlarga yuksak hurmati, mazlumlarga ko‘rsatgan himmat va muruvvatlari, yosh iste'dod egalariga qilgan g‘amxo‘rliklari, karvonsaroy va ko‘priklar, yigirmaga yaqin hovuz qurdirganliklari, bir qancha ilm maskanlari va sihatgohlar tashkil qilganliklari, xayriya binolari va boshqa noyob me'moriy yodgorliklar barpo ettirganliklari, butun e'tiborini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga qaratganliklari, shaharlarda savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat berganliklari chinakam xalqparvar inson bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Qolaversa, hazrat Navoiy nihoyatda go‘zal axloq sohibi, bag‘oyat odamshavanda bo‘lganligi bilan butun dunyoga, bani bashariyatga ibrat hisoblanadi. Millatimiz tarixida, Zahiriddin Muhammad Bobur ta'biri bilan aytganda, Navoiydek benazir shaxsni topish mushkul.

Tadqiqotchilar Navoiy hazratlari ijodi davomida 30 mingga yaqin so‘z qo‘llaganligini, Pushkin, Shekspir, Servantes va boshqa shoiru adiblar ijodida esa bu ko‘rsatkich 20 mingga yaqin va undan sal ortiqroqni tashkil etganini aniqlashgan. Bundan ham hazrat Navoiyning naqadar yuksak mahorat sohibi bo‘lganligi anglashiladi.

Ulug‘ shoirning umumiy nom bilan “Xazoyin ul-maoniy” deb atalgan to‘rtta devon jamlanmasidan iborat asariga o‘zbek (turkiy) tilda yozilgan 50 ming she'ri kiritilgan. Fors tilida yozgan 12 ming misra she'rini “Devoni Foniy” deb nomlagan asarida jamlagan. Alisher Navoiyning besh dostondan iborat “Xamsa”si va biz yuqorida ta'kidlagan beshta devonidan tashqari yana 18 ta alohida asari bor.

Ko‘plab xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lgan Navoiyning yana bu qadar salmoqli meros qoldirganligi hali-hanuz dunyo ahlini hayratga solmoqda. Bir inson qisqa umri davomida bu qadar ko‘p ishlarni amalga oshira olishi mumkinmi, deya Navoiy adabiy merosi bir shaxs tomonidan yaratilganligiga ishtiboh bilan qarovchilar ham topilmoqda. Ammo 30 ga yaqin asarni o‘z bag‘riga jamlagan noyob adabiy meros haqiqatan ham birgina Navoiyning o‘zi tomonidan yaratilganligini ko‘plab tarixiy manbalar, avtobiografik xarakterdagi risolalar tasdiqlaydi.

Taniqli adabiyotshunos olima Suyima G‘aniyeva Navoiyning “Munojot” asariga yozgan so‘zboshisida “Daho san'atkorlar yaratgan asarlarning katta-kichigi bo‘lmaydi” deya ta'kidlagan edi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy yaratgan asarlarning katta-kichigi yo‘q. Sharq mumtoz she'riyatining eng kichik janri, ya'ni bor-yo‘g‘i bir baytdan iborat bo‘lgan mufradot janridagi she'rlari ham yuksak mahorat bilan yaratilgan. Atigi ikki misra she'rda badiiy tasvir vositalari, she'riy san'atlar nihoyatda nuktadonlik bilan qo‘llanilgan.

G‘azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz nafaqat o‘zbek (turkiy) va fors tilida, balki arab va hind tillarida ham asarlar yaratganligi ma'lumotlarda keltiriladi. O‘z navbatida, shoir asarlari o‘nlab xalqlarning tillariga tarjima bo‘lgan.

Ulug‘ mutafakkir bobomiz tavalludining 580 yilligi munosabati bilan Suv xo‘jaligi vazirligida navoiyxonlik kechasi o‘tkazildi. Tadbirda Hazrat Navoiyning boy badiiy va ijodiy merosi haqida qiziqarli ma'lumotlar aytildi. Uning g‘azallari, ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Ayniqsa, olim va notiq Rahimboy Jumaniyozov tadbirga ulkan fayz kiritdi. Notiq ulug‘ ajdodimizning so‘zga munosabati, asarlarida qo‘llangan tasviriy vositalar, botiniy va zohiriy ma'nolarni sodda va xalqchil tilda ochib berar ekan, davraga yig‘ilganlar Navoiy dahosini qaytadan kashf etdi, unga bo‘lgan ehtiromi yana bir karra oshdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Kiritilgan vaqti: 15/02/2021 12:23;   Ko‘rilganligi: 15
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing