78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

SUVCHILAR – SAVOB ISHGA INTILAR

Bugun zamon o‘zgarayapti.

O‘zbekiston yangilanayapti.

Doim hamma ishda faol va tashabbuskor bo‘lib kelgan suv xo‘jaligi xodimlari butun mas'uliyatni yuragidan his etgan holda yanada g‘ayrat bilan ishlaydigan, o‘zgarishlar qiladigan, o‘zgarishni, avvalo, o‘zidan boshlaydigan fursat keldi.

Navbatdagi o‘zgarishlar epkini bugun vazirlikning yangicha formatda, oldingi yillarda shakllangan qoliplar va steriotiplarni buzgan holda faqat soha rivoji uchungina emas, millat, Vatan taraqqiyoti yo‘lida ilgari surilgan tashabbuslar fonida o‘tkazilgan hay'at yig‘ilishida sezildi.

Rajab oyi musulmon dunyosida barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Savobtalab va ezgu ishlar uchun intilib yashaydigan suv xo‘jaligi xodimlari Rajab oyi kirib kelishi munosabati bilan “Obodonlashtirish bo‘yicha zarbdor 40 kunlik” e'lon qilish tashabbusi bilan chiqdilar. Navro‘z milliy bayramigacha nasos stansiyalari, kanal va kollektor bo‘ylaridan tortib, barcha suv inshootlari atroflari tozalanadi, obodonlashtiriladi. Oddiy xodimdan barcha bo‘g‘indagi rahbarlargacha kabinetda o‘tirmay, joylarga chiqib, obodonlashtirish va inshootlarni sug‘orish mavsumiga tayyorlash ishlariga hissa qo‘shadi.

Bu yil mustaqilligimizning 30 yillik bayramini nishonlaymiz. Ulug‘ sanaga hozirdanoq tayyorgarlikka kirishgan suvchilar har bir xodim 30 tupdan ko‘chat ekish tashabbusini ham ilgari surdilar. Tizimdagi korxona, tashkilotlar jamoada mehnat qilayotgan xodimlar uchun 30 tupdan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘chat ekishga kirishadi. Bunda mevali daraxt ko‘chatlari 70 foizdan oz bo‘lmasligiga e'tibor qaratiladi.

Kunlar ilib, bahor nasimlari esa boshladi. Har bir kun, har bir soat g‘animat. Shu kunlarda suv inshootlarining muhofaza hududlarida no‘xat, mosh, oshqovoq kabi ekinlar ekilsa, xalqimiz dasturxoniga tuhfa bo‘ladi. Suvchilar mehnatiga yarasha daromad oladi. Ayniqsa, har bir korxona va tashkilot xodim boshiga 30 donadan oshqovoq urug‘ini qadasa, yomg‘ir suvlari bilan ko‘karib, aprel-mayga borib gullaydi. Hosil ham erta yetiladi.

Ortiqcha rasmiyatchiliklardan xoli, ishchan ruhda o‘tgan hay'at yig‘ilishi kun tartibini chetlab o‘tgan holda ana shunday tashabbuslarni muhokama qilish bilan boshlandi. Bir qarich yerni ham bo‘sh qoldirmaslik, suv inshootlarining muhofaza hududlaridagi yerlardan unumli foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar barchaga ma'qul keldi.


Kiritilgan vaqti: 15/02/2021 12:49;   Ko‘rilganligi: 29
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing