78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ommalashmoqda

Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. 

Suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining, ayniqsa, g‘o‘za hosildorligini oshirish, shu asosda tabiiy hamda mehnat resurslaridan samarali foydalanishga erishishni ta'minlash davr talabidir.

Prezidentimizning 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori bu boradagi tashkiliy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi ushbu qaror ijrosi yuzasidan tizimli ishlarni olib bormoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tizimidagi loyiha tashkilotlariga joylardagi tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqaruvchi, quruvchi, loyihalovchi korxonalar ro‘yxatini shakllantirish hamda namunaviy loyihalar ishlab chiqilishi, qurish, servis xizmat ko‘rsatuvchi pudrat guruhlari tashkil qilish ishlari olib borilmoqda.

Qarorda belgilangan topshiriq asosida O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 2019-2020 yillar davomida 21,1 ming gektar maydonda shundan, 14,1 ming gektar maydonda paxta to‘qimachilik klasterlari, 7 ming gektar maydonda fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarishda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish ro‘yxati shakllantirib, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan kelishildi.

– Suv xo‘jaligi vazirligi barcha viloyatlarda paxta to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari, loyiha, qurilish hamda tomchilatib sug‘orish tizimini uskunalarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rgazmali amaliy seminarlar o‘tkazdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Qarshiyev. – Unda asosiy e'tibor tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha quruvchi tashkilotlar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulot ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida shartnomalar imzolashga qaratildi. Bugunga kelib respublikamiz bo‘yicha 6 ming 857 gektar maydon uchun shunday 30 shartnoma tuzilgan. Jumladan, Samarqand viloyatining Ishtixon va Oqdaryo tumanlarida 2 ming 500 gektar, Surxondaryo viloyati Denov tumanida 1 ming 970 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi bo‘yicha qurilish montaj ishlari (suv tindirgich hovuz, yer osti quvur tarmoqlari) boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, Andijon, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridagi bir qator tumanlarda paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish loyihasi bo‘yicha quruvchi korxonalar bilan ish olib borilmoqda. Shuningdek, barcha viloyatlarda havza boshqarmalari binosida tomchilatib sug‘orish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Maslahat markazlari tashkil qilinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga tomchilatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi buyumlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar tomonidan sifat menejmenti tizimini joriy qilish ishlari olib borildi.

Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga 2019-2020 yillarda tomchilatib sug‘orish uchun moslashtirilgan ildiz tizimiga ega paxta navlarini yetishtirish agrotexnologiyasini yaratish sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha “Ildiz tizimi tomchilatib sug‘orishga mos g‘o‘za navlarini parvarishlashning suv tejamkor agrotexnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida ilmiy amaliy loyihalar taqdim qilindi.

Bugungi kunda paxtadan yuqori hosil yetishtirishda intensiv texnologiyalarni qo‘llash orqali ulkan yutuqlarga erishayotgan mamlakatlar ko‘p. Bu yutuqlarning asosiy omili dehqonchilikning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanilayotgani bilan bog‘liq. Shunday ekan endilikda suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda barcha birdek mas'uliyatli bo‘lishi zarur.

Manba: uza.uz


Oxirgi o‘zgarish: 05/02/2019 11:38;   Ko‘rilganligi: 1085
 
Tarkibiy bo‘linmalar
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing