SUV TEJASH USULLARI BILAN TANISHING
Tomchilatib sug‘orishning o‘ziga xos afzalliklari
Tomchilatib sug‘orish tizimining boshqa sug‘orish usullariga nisbatan bir qator afzalliklari mavjud bo‘lib, bu afzalliklar ekin hosildorligining oshishi va sifatining yaxshilanishi, sug‘orishga ishlatilayotgan suvning tejalishi, o‘g‘itlar va yonilg‘i-moylash materiallari sarfining kamayishi, qo‘l mehnatining yengillashishi va ekin dalasi meliorativ holatining yaxshilanishi kabi jihatlarda namoyon bo‘ladi.
a) ekinning hosildorligi ortadi va sifati yaxshilanadi
Tomchilatib sug‘orilganda ekinning ildiz qatlamida doimiy bir xil namlik muhiti shakllantirilib, ekin uchun kerakli vaqtda suv va oziq moddalarni olish imkoniyati yaratiladi. Bunday sharoitda o‘simlik o‘zining barcha quvvatini rivojlanishga, mo‘l va sifatli hosil to‘plashga yo‘naltiradi, ya'ni ekinni sug‘orish uchun suv odatdagidan kam sarflansada, hosil ko‘p olinadi. Natijada hosildorlik bog‘ va tokzorlarda 40 % gacha, sabzavotlarda 80 % gacha ortadi.
b) ekin hosili erta pishib yetiladi
Bir yillik ekinlarni tomchilatib sug‘orilganda ekinlarning hosili odatdagidan 10-15 kun erta pishib yetiladi. Mo‘tadil iqlim mintaqasida joylashgan O‘zbekiston sharoitida bir yillik ekinlar, ayniqsa paxta yetishtirishda hosilning erta pishishi muhim ahamiyatga ega.
Qo‘shqatorlab ekilgan va qator orasi polietilen plyonka bilan yopilgan g‘o‘zani tomchilatib sug‘orilganda, paxta hosili sentyabr oyining ikkinchi yarmida to‘liq pishib yetiladi. Natijada paxta hosilini bir martada to‘liq terib olinadi. Hosili erta yig‘ib olingan paxta dalasiga sovuq kunlarga qolmay kelgusi yil uchun bug‘doy urug‘ini ertaroq sepish, uni to‘liq undirib olish imkoniyati yaratiladi.
Zarafshon ITHB matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 29/11/2022 10:16; Ko‘rilganligi: 1229