DIQQAT! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.
78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

SAMARQANDDA PRESS-TUR TASHKIL ETILDI

2023 yil Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning 5 ming 727 gektar sug‘oriladigan g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar 394 gektar g‘alla maydonida ana shu texnologiya ishga tushirildi. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan viloyatning Payariq va Narpay tumanlariga uyushtirilgan press-tur chog‘ida shu haqda ma'lumot berildi.

- Tumanimizda 961 gektar boshoqli don ekinlari maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan, - deydi Payariq tuman irrigatsiya bo‘lim boshlig‘i Ziyovuddin Jozilov. – Hozirgi kunda 30 gektar g‘alla maydoni uchun pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, yomg‘irlatib sug‘orish qurilmalarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Jumladan, tumanning Xalqobod mahallasidagi “Musabek chorva kompleksi” MCHJga qarashli 4 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi to‘liq ishga tushirildi. Ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, g‘alladan 100 sentnergacha hosil olish va 40 foizgacha suv sarfini tejash mumkin.

Joriy yil boshida sug‘oriladigan yerlarda suv bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, hududda kafolatli suv ta'minotini tashkil etish maqsadida Narpay tumanidagi irrigatsiya va melioratsiya obyektlari, 8 ta nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Maroqandsifat” MCHJ klaster tashkiloti boshqaruviga berilgan.

- Nasos stansiyalari eskirganligi sababli suv yetkazib berishda muammolar yuzaga kelardi, - deydi Narpay tuman irrigatsiya bo‘lim boshlig‘i Anvar Rahimov. – Irrigatsiya tizimi klaster boshqaruviga o‘tgach, Xitoydan 3 dona nasos agregati olib kelindi. Ushbu qurilmaning afzalligi o‘zimizdagi har bir agregat sekundiga 1500 kub suv chiqarib bersa, Xitoy texnologiyasi sekundiga 2000-2200 kub suv chiqarish quvvatiga ega. Hozirgi kunda tumanda 3 ta nasos stansiyasi ishlayapti va 57 ta fermer xo‘jaligidagi 8605 gektar paxta va g‘alla maydonlariga suv yetkazib berilmoqda.

Press-tur davomida OAV vakillariga ushbu ikki tuman misolida suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari xususida ma'lumotlar berildi.

Zarafshon ITHB matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 21/10/2022 18:09;   Ko‘rilganligi: 873
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing