BULUNG‘URDA NAVBATDAGI SEMINAR O‘TKAZILDI
Joriy yilning 12-iyun kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida joylashgan “Asliddin Norov” fermer xo‘jaligida o‘quv seminar tashkil etildi.
Joriy yilning 12-iyun kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida joylashgan “Asliddin Norov” fermer xo‘jaligida o‘quv seminar tashkil etildi.
Unda mutasaddi tashkilotlar mas'ullari, soha mutaxassislari, quruvchi pudratchi tashkilotlar, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar qatnashchilariga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha ma'lumot berildi. Suv tejovchi zamonaviy texnologiyalarning turlari, ularning afzalliklari tanishtirildi.
Tadbirda Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M.Turniyazov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-5-sonli qarorining mazmun mohiyati, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etishdan asosiy maqsad suvni iste'molchilar kesimida shartnoma asosida yetkazib berish ekanligi, “Suv tekin emas” tamoyili asosida suv iste'molchilarga tushuntirish, olinayotgan suvning hisob-kitobi to‘g‘riligiga alohida mas'uliyat bilan yondashish DM ning har bir ishchi-xodimining vazifasi ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti Samarqand mintaqaviy markazi direktori Sh.Turayev so‘zga chiqib, iste'molchilar bilan shartnomalarni rasmiylashtirish, suv o‘lchash tadbirlarini olib borish, oldi-berdi jurnallari va dalolatnomlarni rasmiylashtirish, suv o‘lchash tadbirlarini amalga oshirish uchun gidropost qurish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar suvdan samarali foydalanish, uni isrof qilishga yo‘l qo‘ymaslik, irrigatsiya tizimlarida suv yo‘qotishlarni kamaytirish, mavjud suv resurslarini suv iste'molchilari orasida qat'iy taqsimlash bugungi kuning eng dolzarb vazifalaridan bir ekanligi ta'kidlandi.
– Bugungi kunda suvdan oqilona foydalanishda suv iste'molchilar bilan suv xo‘jaligining maxsus xizmati o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirish galdagi eng muhim masalalardan biri hisoblanadi, – deydi Bulung‘ur tuman hokimi S.Astanov. – Bunga esa o‘zaro hamkorlik, hamjihatlik orqaligina erishish mumkin.
Seminarda DM ishchi xodimlariga mavzuga oid va boshqa bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida fermer xo‘jaliklari hamda MFY vakillarining takliflari ham tinglandi.
O‘zaro muloqotlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Zarafshon ITHB matbuot xizmati
Oxirgi o‘zgarish: 12/06/2024 17:04; Ko‘rilganligi: 154