DIQQAT! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.
78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

BULUNG‘URDA YANGI NASOS STANSIYASI QURILAYAPTI

Bulung‘ur tumani “Xo‘jamazgil” mahallasida aholi va qishloq xo‘jaligi uchun suv ta'minotini yaxshilash maqsadida yangi nasos stansiyasi qurilishi jadal davom etmoqda. Zarafshon ITHB ma'sullari mazkur loyihaning amalga oshirilishi bilan yaqindan tanishdilar.

Bu inshoot 2024 yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida davlat dasturiga kiritilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi “Xo‘jamazgil” hududida suv ta'minotini barqarorlashtirishdir. Loyiha “Samarqandsuvqurilishinvest” davlat muassasasi buyurtmasiga ko‘ra,  “Topalang HPD Holding” MCHJ pudratchiligida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida quyidagi qurilish va montaj ishlari bajarildi:

  • Nasos stansiyasi va texnik inshootlar:
    • Nasos agregatlari va elektr motorlari keltirilib o‘rnatildi.
    • Suv to‘sish, cho‘kindi va qumlarni qaytaradigan beton devorlar qurildi.
    • Avankamera va suv qabul qilish inshootlari loyihaga muvofiq barpo etildi.
  • Quvur tizimi:
    • 4 kilometr uzunlikdagi bosimli quvurlar uchun mexanik yer ishlari yakunlandi.
    • Quvurlarning gidroizolyatsiya va payvandlash ishlari amalga oshirildi.
    • Pnevmatik sinovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilib, quvurlar qurilishi to‘liq yakunlandi.
  • Energetik infratuzilma:
    • Yuqori quvvatli 35 kVa nimstansiyasi elektr liniyalari bilan qurildi.
    • Boshqaruv va taqsimlash qurilmalari o‘rnatildi.

Loyihaning ahamiyati

Mazkur nasos stansiyasi va unga bog‘liq infratuzilmalar hududning suv ta'minotini sezilarli darajada yaxshilaydi. Bu esa nafaqat aholi uchun, balki qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Suvning barqaror ta'minoti ekin maydonlari hosildorligini oshirishga, shuningdek, ekologik barqarorlikni ta'minlashga xizmat qiladi.

Yakuniy bosqichdagi ishlar

Hozirgi kunda qurilishning yakuniy bosqichi bo‘lib, nasos stansiyasining elektrotexnik jihozlari sozlanmoqda va hududni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar to‘liq yakunlangach, “Xo‘jamazgil” mahallasida suv ta'minoti yangi bosqichga ko‘tariladi va ushbu infratuzilma mintaqa aholisi uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Yangi nasos stansiyasi hududdagi irrigatsiya tizimini sifat jihatidan yaxshilash bilan birga, mintaqaning iqtisodiy rivojiga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

 

Zarafshon ITHB matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 13/12/2024 13:53;   Ko‘rilganligi: 10
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing