DIQQAT! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.
78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

Suv tejovchi texnologiyalar- global muammoning yagona yechimi

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tubdan isloh qilish yo‘lida bir qator me'yoriy hujjatlar qabul qilingan. Yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulot yetishtirish talablari ortib bormoqda. Biroq, suv resurslarining cheklanganligi va aholi boshiga to‘g‘ri keladigan suv hajmining pasayishi qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni dolzarb masalaga aylantirmoqda.

Tomchilatib sug‘orish tizimi suv resurslarini tejashga qaratilgan innovatsion yechimlardan biri sifatida alohida ahamiyatga ega. U o‘simlikning suvga bo‘lgan ehtiyojiga teng miqdordagi suvni ildiz qatlamiga yetkazib berishga qaratilgan. Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tomchilatib sug‘orish egat orqali sug‘orishga nisbatan 1,8—1,9 marta kam suv talab etadi. Bu usul nafaqat suv tejash, balki hosildorlikni oshirish va sarf-xarajatlarni qisqartirish imkoniyatini beradi.

Tomchilatib sug‘orishning asosiy afzalliklari shundan iboratki, tomchilatib sug‘orishda suv o‘simlikning ildiz tizimiga aniq yetkaziladi, bu esa suvning bug‘lanishi yoki filtratsiya orqali yo‘qotilishini oldini oladi. Yetishtirilayotgan ekinga qarab, suv tejash ko‘rsatkichi 80 foizgacha yetishi mumkin.

Ushbu texnologiya o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan maqbul sharoitlarni yaratib, hosildorlikni 15—30 foizga oshirishga xizmat qiladi. Masalan, paxtadan gektariga 50—55 sentner, makkajo‘xoridan 120—130 tonna poya hosili olinadi. Dalani qayta-qayta kultivatsiya qilishga ehtiyoj qolmaydi. Suyuq mineral o‘g‘itlardan foydalanish orqali o‘g‘it sarfi 50 foizgacha qisqaradi. Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tuproqdagi namlikni maqbul darajada saqlaydi. Bu yerda qatqaloq hosil bo‘lishini oldini olib, tuproqning havo almashinuvini yaxshilaydi. Suvdan oqilona foydalanish va mineral o‘g‘itlarni dozalangan holda berish orqali atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta'sir kamayadi.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi nafaqat suv tejash, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini sezilarli darajada oshirishga ham xizmat qiladi. Masalan, tomchilatib sug‘orish joriy qilingan maydonlarda suv sarfi gektariga 4200 metr kubdan 2500 metr kubgacha kamaygan.

Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, tuproq yumshoq holatda saqlanadi, suvning oqava yo‘qotishlari kamayadi, turli nishabli yerlarda ham bir xil namlik ta'minlanadi. Tomchilatib sug‘orish usuli suv resurslaridan oqilona foydalanishning eng samarali yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Ushbu texnologiyani keng joriy etish orqali suv resurslari cheklangan sharoitda ham yuqori hosildorlikka erishish mumkin. Bu, ayniqsa, suv resurslariga bo‘lgan talabning oshib borayotgan bir davrda, qishloq xo‘jaligi rivoji uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Farhod Radjabov,

Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i


Oxirgi o‘zgarish: 23/12/2024 18:39;   Ko‘rilganligi: 37
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing