O‘ZBEKISTON-VENGRIYA: SUV XO‘JALIGI SOHASIDAGI HAMKORLIK MUSTAHKAMLANMOQDA
Ro‘yi zamin sayqali firdavsmonand Samarqand bugun yana bir nufuzli anjumanga mezbon. Bu muazzam shaharda Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti boshlandi.
Sammit doirasida O‘zbekiston–Vengriya biznes forumi tashkil etildi.
Vengriya – O‘zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2021 yil 29–31 mart kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat, jumladan, Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitim imzolandi.
2022 yil 3–4 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Vengriyaga rasmiy tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suv xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur'at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti doirasida o‘tkazilayotgan bugungi biznes forum mushtarak tarixiy ildizlar bog‘lab turgan turkiy olamdagi ikki mamlakat ko‘p qirrali hamkorligida yangi bosqich bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov biznes forumda ishtirok etib, Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari bilan “V2V” va “G2B” shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralarda so‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar, Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, sohani raqamlashtirish bo‘yicha Vengriya bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Vengriyaning “Art Work Design Kft” kompaniyasi rahbari Andrash Fedoseev bilan muzokara chog‘ida vengriyalik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekistonning suv xo‘jaligi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, xususan, suv resurslarining onlayn hisobi va yerlarning meliorativ holati monitoringni yuritish, suv xo‘jaligi obyektlarining boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish yo‘nalishidagi masalalarga e'tibor qaratildi.
Shuningdek, “Art Work Design Kft” kompaniyasi vakillarining joriy yil 17–22 noyabr kunlari yurtimizga tashrifi dasturi va tashrif davomida O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish investitsiya loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.
– O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida munosabatlar yildan yilga mustahkamlanib bormoqda, – deydi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Nazarov. – Dunay daryosi havzasida joylashgan Vengriyaning suv xo‘jaligi tizimi bilan o‘xshash tomonlarimiz ko‘p. Joriy yil 3–4 oktyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Vengriyaga rasmiy tashrifi arafasida Budapeshtda bo‘lib venger hamkasblar bilan ko‘plab masalalarni muhokama qilib oldik. Mazkur tashrifdan so‘ng suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2022 yil 26 oktyabr kuni Vengriya ichki ishlar vazirligi suv resurslari departamenti bilan videokonferens-aloqa ko‘rinishida muloqot tashkil qilindi. Bunda, biz Vengriyada suv resurslarini boshqarish va sug‘orishdagi muammolar, O‘zbekistonda suv tanqisligi va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar haqida fikr almashdik.
Keyingi uch yillik ish dasturi uchun takliflar ko‘rib chiqildi. Bugun biznes forum doirasidagi muzokaralarimiz ham samarali bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, Vengriya bilan yuqori darajadagi uchrashuv va muzokaralarda erishilgan kelishuvlar, hujjatlar suvni samarali boshqarish, sohani raqamlashtirish, irrigatsiya inshootlarini soz holatda saqlash kabi yo‘nalishlarda hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Sh.Suyunov,
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi
Kiritilgan vaqti: 11/11/2022 10:56; Ko‘rilganligi: 699