Shuhrat Yusupov: Suvni tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish davr talabi
Samarqand viloyatida suvni tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati borasida Samarqand viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasining Suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Yusupov bilan suhbatlashdik.
Samarqand viloyatida suvni tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati borasida Samarqand viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasining Suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Yusupov bilan suhbatlashdik.
- Shuhrat aka, Samarqand viloyatda Suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati haqida ma'lumot bersangiz
- Viloyatimizda 2017-2023-yillar davomida suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holatini tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu yillar davomida jami 164,6 ming gektar maydonlarda suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan bo‘lib, shundan 56,5 ming gektar maydonda tomchilatib, 2,8 ming gektar maydonda yomg‘irlatib, 141 gektar maydona diskret, 42,3 ming gektar maydonlarda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimi, 14 ming gektar maydonda egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimi hamda 48,7 ming gektar maydonlarni lazer uskunasi orqali tekislash ishlari amalga oshirildi.
Bu orqali esa yiliga o‘rta hisobda 150-170 mln.m3 suv iqtisod qilinishiga erishilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-yanvardagi "Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi PQ-5-sonli qarori tasdiqlanib, mazkur qaror asosida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi.
Qarorga asosan, “Agrobank” ATB tomonidan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha shaffof onlayn kredit ajratish imkonini beruvchi “suvkredit.uz” elektron tizimi ishlab chiqilib, 2024-yil 1-fevraldan ishga tushurildi.
Ushbu platforma orqali 2 yillik imtiyozli davri bilan 5 yil muddatga 14 foiz miqdorida onlayn kreditlar ajratilmoqda.
Prezidentimizning ushbu qarori asosida fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar oldida turgan bir qator muammolarga yechim topildi.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit foizi miqdori
2 yillik imtiyozli davri bilan 14 % ga tushurildi.
Bundan tashqari fermer xo‘jaliklari tomonidan kredit olish jarayonida garov ta'minoti majburiyati bekor qilindi.
Yurtboshimizning ushbu qarori asosida fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga katta imtiyozlar berilishi hisobiga 2024 yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar yilning II choragi davomida to‘liq bajarilishiga erishildi.
- Bu yil hisobidan viloyatda suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati qanday? Raqamlar bilan keltirib o‘tsangiz ?
- Joriy yilda, 10,1 ming gektar maydonda tomchilatib, 3,2 ming gektar maydonda yomg‘irlatib, 3,2 gektar maydona diskret, 8,3 ming gektar maydonlarda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimi va egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimi joriy etilgan bo‘lsa, 23,1 ming gektar maydonlarni lazer uskunasi orqali tekislash ishlari amalga oshirildi. Bu orqali o‘rtacha 61 mln.m3 suvning iqtisod qilinishiga va iqtisod qilingan suv hisobiga 18 ming gektar maydondagi takroriy ekinlarni suv bilan ta'minlash imkoniyati yaratildi. Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘tgan 2023-yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, joriy yil birinchi choragining o‘zida 2023-yilga nisbatan 40 foiz o‘sganligini ko‘rishimiz mumkin.
Shu o‘rinda, suvni tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalarining afzallik hamda qulayliklari to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz. Suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik O‘zbekistonda sug‘oriladigan dehqonchilikning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan bosh sabablardan biri desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
- Aytib o‘tganingizdek, Suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik kelgusida suv bilan bog‘liq muammolar ortib boradi. Uni oldini olish borasida nima ishlar qilinmoqda?
- Muammoni hal etish usullaridan biri esa ekin maydonlarini suvni tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalari orqali sug‘orish sug‘orish tizimiga o‘tkazishdir.
Shu o‘rinda, suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarining quyidagi turlarini aytib o‘tishimiz lozim:
- Tomchilatib sug‘orish
- Yomg‘irlatib sug‘orish
- Diskret (pulsar) sug‘orish tizimi
- Egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish
- Yer maydonlarida lazer tekislash ishlarini olib borish.
- Ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish orqali erishiladigan natijalar haqida nimalar deya olasiz?
- Tomchilatib sug‘orish suvni o‘simliklarning tomir zonasiga yetib borishiga asoslangan bo‘lib, ayni paytda suv miqdori va uni uzatish davriyligi o‘simliklarning ehtiyojiga qarab tartibga solinadi. Suv barcha o‘simliklarga bir tekis va bir xil miqdorda, o‘simlikka qancha kerak bo‘lsa, aynan shuncha, tuproqni suv bosmaydigan va uni isrof qilmaydigan tarzda kelib turadi. Bundan tashqari, suvning o‘simlikka yetkazib berilguncha bug‘lanib ketishi sababli yuz beradigan ulkan yo‘qotishlar oldi olinadi.
Tomchilatib sug‘orishning zamonaviy tizimi ko‘plab qishloq xo‘jalik va bog‘dorchilik ekinlariga ishlov berishda qo‘llanadi va bir qancha afzalliklarga ega, masalan:
Suvning ko‘p miqdorda tejalishi – chunki o‘simlikning faqat ildiz qismi ho‘llanadi, bug‘lanib isrof bo‘ladigan suv miqdori anchagina qisqaradi, suvning chetdan oqib o‘tishi oqibatida ro‘y beradigan nobudgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Tomchilatib sug‘orish vaqtida “ariq” deb ataladigan qatorlar orasi, odatda suv ariqqa quyiladigan an'anaviy sug‘orish bilan solishtirganda, boshidan oxirigacha quruqligicha qoladi.
Elektr quvvati, mehnat sarfi, yonilg‘i-moylash (YOMM) va boshqa materiallarning ko‘p miqdorda tejalishi – odatda suv kanallardan sug‘orish uchun nasoslar bilan uzatiladi. Tomchilatib sug‘orishda kam suv hajmi talab etiladi, binobarin, nasoslarning ishi kamayadi, nasos ishlashi uchun kamroq elektr quvvati yoki energiyaning boshqa turlari (masalan, dizel yonilg‘isi) sarflanadi. Shuningdek, sug‘orish uchun ancha kam mehnat sarfiga erishiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mavsum davomida 1 gektar g‘o‘zaga 60 litrga yaqin YOMM, bundan tashqari, mineral o‘g‘itlar 30-40 foiz tejaladi. Mineral o‘g‘itlarning o‘zlashtirilishi 90-95 foiz, an'anaviy sug‘orishda esa 30-38 foiz bo‘ladi. Sug‘orish vaqtida eritilgan o‘g‘itlar bevosita ildiz zonasiga kiritiladi. Ozuqa moddalar tez va jadal so‘rilib ketadi. Bu quruq iqlim sharoitida o‘g‘it berishning eng samarali usulidir.
Mahsulot hosildorligi va sifati yuqoriligi – tomchilatib sug‘orishda hosilning erta pishishi kuzatiladi. Namning o‘simliklar ildiz tizimiga aniq tushishi va o‘g‘itlar o‘zlashtirilishining yuksak samaradorligi hisobiga an'anaviy sug‘orish bilan solishtirganda hosildorlikning 30-70 foiz oshishi kafolatlanadi.
Ikkilamchi sho‘rlanish yo‘qligi – tomchilatib sug‘orish drenaj qurilishini talab qilmaydi, yer osti suvlari va tuzlar yuqoriga ko‘tarilmaydi, tuproq tuzilmasi saqlanib qoladi. Bunday sug‘orish o‘simliklarni mo‘tadil sho‘rlangan tuproqda o‘stirish, sug‘orish uchun kam sho‘rlangan suvdan foydalanish imkonini beradi. Tomchilatib sug‘orishda tomizg‘ichlar yaqinidagi tuzlar jadal ajralib chiqadi. Tuzlarning chekkada yig‘ilishi o‘simliklarning rivojlanishiga unchalik katta ta'sir ko‘rsatmaydi. Suv bilan ozuqa moddalarni tuproqning tuz ajralib chiqqan qismidan ildiz tizimi singdirib oladi.
Tuproqqa suv singishi turlicha va yuzasi o‘ta notekis bo‘lgan yer maydonlarini sug‘orish imkoniyati – tomchilatib sug‘orish tizimi – quvur yoki tasmalar tizimi o‘simliklar tubi, ya'ni jo‘yaklarda joylashadi. Tomchilatib sug‘orish nishab yoki topografiya jihatidan murakkab bo‘lgan joylarda maxsus o‘yiq joylar yoki tuproqni ko‘chirmay turib sug‘orish imkonini beradi. Nishab joylarda tomchilatib sug‘orishni qo‘llash tuproqning qandaydir yemirilishiga sabab bo‘lmaydi. Bundan tashqari, oddiy usul bilan sug‘orish paytida tuproq cho‘kishi, bo‘shliq hosil bo‘lishi, suv ekinlarni sug‘orishga emas, tuproq ostiga chuqur singib ketishi mumkin bo‘lgan adir yerlari uchun juda foydali.
Qator oralarida bajariladigan ishlar qulayligi – an'anaviy sug‘orishda qator oralari suv bilan to‘lib qoladi va bu hol texnika va odamlar harakatlanishi uchun qiyinchilik tug‘diradi. Tomchilatib sug‘orishda ariqlar ho‘l bo‘lmaydi va bu hol tuproqqa ishlov berish, suv purkash va hosilni istalgan paytda, ekin qachon sug‘orilganiga qaramay, yig‘ib olish imkonini beradi, chunki qatorlar orasidagi tuproq butun mavsum mobaynida quruqligicha qoladi.
Begona o‘tlar miqdori kamligi – suv o‘simlikning ildiz tizimiga yetkazib berilayotgani sababli sug‘orishning boshqa usullari bilan solishtirganda atrofdagi yerlar sug‘orilmaydi. Ildiz tizimi boshqa har qanday sug‘orish usuliga qaraganda yaxshiroq rivojlanadi. Ildizlarning asosiy qismi tomizg‘ichlar zonasida yig‘iladi, ildiz tizimi ko‘proq iviydi va ko‘plab faol ildiz tukchalari hosil bo‘ladi. Suv bilan ozuqa moddalarni iste'mol qilish jadalligi oshadi.
Hosildorlikning prognoz o‘sishi ancha-muncha bo‘ladi va barcha ekinlar bo‘yicha o‘rtacha 40 foizdir. Ekinlarning o‘rtacha hosili va ularga belgilangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, yillik foydalar aniqlandi.
Chiqimlarni qoplash muddati sarmoyalarning yillik umumiy foydalarga nisbatidan iboratdir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish uchun kiritilgan sarmoyalar 3 yildan sal ortiq, bug‘doy uchun 4 yil vaqt mobaynida qoplanadi. Bog‘ uchun kiritilgan sarmoya eng foydali hisoblanadi va chiqimlarni qoplash muddati 2 yilga ham yetmaydi.
Bundan tashqari eslatma tarzida quyidagilarni alohida aytib o‘tish joizki, Prezidentimizning PQ-5-sonli qaroriga asosan:
2025-yildan boshlab,
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari (STT) joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koyeffisiyent, STT joriy qilinganda yoki sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koyeffisiyent yoki STT joriy qilinmaganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv solig‘i stavkasiga 1,5 oshiruvchi koyeffisiyent qo‘llaniladi.
Shu bilan bir qatorda suvni tejovchi sug‘orish texnolgiyalarini joriy etgan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga davlatimiz tomonidan bir qator imtiyozlar qo‘llaniladi.
Jumladan,
STT joriy qilgan qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtiruvchilariga sifat ko‘rsatkichidan kelib chiqgan holda subsidiyalar ajratiladi,
5 (besh) yil muddatga er solig‘idan ozod qilinadi,
Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi.
Suv hisoblagich qo‘yilganda suv solig‘idan 30 foiz imtiyoz beriladi.
Navro'zbek Shodmonqulov suhbatlashdi
Oxirgi o‘zgarish: 24/09/2024 11:20; Ko‘rilganligi: 165